O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Respublikasi delegatsiyasi Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi
2019-09-24 | Xavfsizlik sohasi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Hindiston Respublikasi Bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Pankaj Saran boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov qabul qildi.
Vazir P.Bobojonov Hindiston delegatsiyasi a’zolari bilan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari do‘stona va o‘zaro manfaatli xususiyatga egaligini, ushbu hamkorlik davlatlarimizning milliy manfaatlariga, iqtisodiy rivojlanishiga, shuningdek, dunyo hamjamiyatida o‘z nufuziga ega bo‘lishiga xizmat qilib, dadillik bilan rivojlanayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Delegatsiya a’zolariga IIV tuzilmasi, bo‘linmalar, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining faoliyati, huquq-tartibot va xavfsizlik masalalarida mahalla faollari, keng jamoatchilik va yoshlar bilan hamkorlik haqida ma’lumot berildi.
O‘z o‘rnida, Pankaj Saran samimiy, do‘stona qabul va ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishning ijobiy tendentsiyasiga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar istiqboldagi muhim masalalarni ham muhokama qildi.
Tadbirda delegatsiya tarkibida Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Ja ham ishtirok etdi.
Tashrif doirasida mehmonlar Toshkent shahrining Yunusobod tumani 7-son ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.