O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi investitsiya loyihasini amalga oshirishga kirishildi
2019-09-24 | Iqtisodiyot
2019-yilning 22-sentabr kuni Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida Xitoyning “Lioaning Lide” korporatsiyasi bilan hamkorlikda shamol elektr stansiyasini qurish borasidagi loyihani amalga oshirish doirasida shamol kuchini o‘lchashga mo‘ljallangan machtani o‘rnatish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning umumiy qiymati 1,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, ishlab chiqarish quvvati 1,5 ming MVtga teng. Hokimlik tomonidan 6 ming ga yer ajratib berildi. Loyihaning 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda 200 MVt quvvatli elektr stansiyasini qurish uchun 240 mln. dollar qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani jalb qilish belgilangan.
Marosimda Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, “Lioaning Lide” prezidenti Chjan Yulian, O‘zbekistonning aloqador valirlik va idoralari vakillari ishtirok etdilar.
Viloyat hokimi o‘z nutqida aloqador idoralar rahbarlariga, jumladan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning Xitoydagi Elchixonasiga “Lioaning Lide” korporatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mazkur loyihani amalga oshirishda faol ko‘maklashgani uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatda olib borilayotgan islohotlar natijasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va chet el biznes doiralari bilan birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalarini hayotga tadbiq etish uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini qayd etdilar.
Xitoyning “Lioaning Lide” korporatsiyasi prezidenti Chjan Yulian o‘z kompaniyasining kelajakda ham ilg‘or xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yirik investitsiya loyihalarini jalb qilish va amalga oshirish uchun intilishini bildirdi.