O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda paradzyudo bo‘yicha IBSA Gran-prisi tantanali ochildi
2019-09-24 | Sport
Uch kun mobaynida poytaxtimizdagi muhtasham “Humo Arena” muz saroyida dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-prisi zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan edi. Kecha bu yerda yana bir nufuzli musobaqa, Tokio-2020 paralimpiya o‘yinlariga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etuvchi IBSA Gran-prisiga start berildi.
Paradzyudo bo‘yicha IBSA Gran-prisida dunyoning 35 davlatidan 200 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun tatamiga tushadi. Dzyudo sportidan farqli o‘laroq, bu musobaqada erkaklar 7ta, ayollar esa 6ta vazn toifasida bellashadi. Demak, IBSA Gran-prisida erkaklar -60 kg, -66 kg, -73 kg, -81 kg, -90 kg, -100 kg va nihoyat +100 kg vazn toifalarida o‘zaro kurash olib borishsa, ayollar -48 kg, -52 kg, -57 kg, -63 kg, -70 kg va +70 kg da o‘z kuchlarini sinovdan o‘tkazishadi.
Bugun ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida IBSA Gran-prisining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev ham ishtirok etdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari hamda el suygan san’atkorlarning betakror chiqishlari “Humo Arena”ga kelgan muxlislarni xushnud etdi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining raisi Muxtorxon Tashxodjaev barcha mehmonlarni O‘zbekiston zaminida ko‘rib turganidan mamnun ekanligini ta’kidlagan holda tashkilotchilar ushbu musobaqa ular xotirasida bir umrga yaxshi xotiralar bilan muhrlanishi uchun astoydil harakat qilishlarini ta’kidladi.
Shundan so‘ng tatamiga dastlabki kunga belgilangan vazn toifalarida hal qiluvchi bellashuvlarda ishtirok etuvchi polvonlar taklif etildi. Bugungi bellashuvlarda erkaklar o‘rtasida -66 kg vazn toifasidagi paradzyudochimiz Uchqun Quranboev oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, ayollar o‘rtasida -57 kg vaznda Parvina Samandarova ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U finalda ozarbayjonlik Sevda Valievani mag‘lubiyatga uchratdi va terma jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Erkaklar o‘rtasida -60 kg vazn toifasidagi vakilimiz Sherzod Namozov esa kumush medal bilan cheklandi.
Paradzyudo bo‘yicha IBSA Gran-prisi bugun o‘z nihoyasiga yetadi.
Otabek EShMAMATOV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA