O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonning PISA loyihasi boʻyicha milliy menejeri Londonda oʻtkazilayotgan xalqaro uchrashuvda ishtirok etmoqda
2019-09-24 | Ta’lim
Ayni kunlarda Buyuk Britaniyaning London shahrida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “PISA boshqaruv kengashi aʼzolarining 48-uchrashuvi” boʻlib oʻtmoqda. Ushbu tadbirda Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori – PISA loyihasi milliy menejeri Abduvali Ismailov ham ishtirok etmoqda.
PISA boshqaruv kengashi aʼzolarining uchrashuvi PISA tadqiqotining yuqori organi hisoblanib, unda odatda PISA doirasida amalga oshirilgan va kelgusidagi rejalashtirilgan ishlar muhokama qilinadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kotibiyati hamda dunyoning 85 dan ortiq mamlakatlaridan 100 nafardan ziyod vakillar ishtirok etmoqda.
Tadbir 5 kun davom etishi moʻljallangan boʻlib, unda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining PISA bilan bogʻliq faoliyatidagi oʻzgarishlar, PISAni joriy qilish, shuningdek 2021-yildagi tadqiqot uchun kiritilgan yangiliklar, PISAning uzoq muddatli strategik yoʻl xaritasini ishlab chiqish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar, 2024-yildagi tadqiqotning afzallik va kamchiliklari, jumladan yangi yoʻnalish sifatida kiritilayotgan “Xorijiy tillar” yoʻnalishi, kelgusidagi innovatsion yoʻnalishlari “Kreativ fikrlash”, “Raqamli dunyoda oʻrganish” yoʻnalishlarining , “Maktablar uchun PISAga asoslangan testlar” loyihasi komponentlaridagi yangilanishlar va boshqa dolzarb masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlar doirasida PISA-D (PISA for development), yaʼni “PISA-rivojlanish uchun” loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro seminar boʻlib oʻtishi, Buyuk Britaniyaning zamonaviy maktablariga ekskursiya amalga oshirilishi hamda oʻquv jarayonining tashkil etilishi bilan yaqindan tanishish koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston 2021-yilda ilk marotaba Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning taʼlim sifatini baholash boʻyicha PISA (15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha xalqaro dastur) xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi.