O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Narkotahdidlarga xalqaro hamkorlik asosida toʻsiq qoʻyishni maqsad qilgan Toshkent anjumani

2019-09-24 | Jamiyat

Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsadlaridan biri – insoniyatga xavf tugʻdirayotgan illatlarga qarshi kurashishda tashabbus koʻrsatish va davlatlarni ushbu maqsadlar yoʻlida birlashtirishdir.

Bugungi kunda dunyoda terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlar qatorida narkotrafik ham turadi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu uchinchi xavf hammasidan xatarliroq boʻlib, nafaqat odamlarni jisman, ruhan ojizlashtirib, koʻzlagan maqsadlaridan adashtiribgina qolmay, yirik miqdordagi mablagʻ toʻplash vositasi hamdir. Shu yoʻl bilan topilayotgan mablagʻlar esa birinchi va ikkinchi xavfni moliyalashtirishga ham xizmat qilmoqda.
 
Shuning uchun ham BMT giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha izchil faoliyat yuritmoqda. Shu maqsadda konvensiya va rezolyutsiyalar qabul qilingan. BMT Giyohvand moddalar boʻyicha komissiyaning 6 (XXV) rezolyutsiyasi va EKOSOS kengashining 1776 (LIV) rezolyutsiyasiga muvofiq 1973-yilda Yaqin va Oʻrta Sharqda giyohvand moddalar savdosi boʻyicha quyi komissiyasi tashkil etilgan.
 
Mazkur komissiyaning 54-sessiyasi joriy yil 23-27-sentabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtmoqda.
 
Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilgan bu yirik anjuman Yaqin va Oʻrta Sharqda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.
 
23-sentabr kuni Toshkentdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida oʻz ishini boshlagan sessiyada Afgʻoniston, Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Germaniya, Hindiston, Italiya, Eron, Qozogʻiston, Kuvayt, Qirgʻiziston, Livan, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaman kabi davlatlardan vakillar, xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etmoqda.
 
Anjuman ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov global muammolardan biri boʻlgan giyohvandlikka qarshi kurashishga Oʻzbekiston davlati rahbariyati doimiy eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi. Bu borada xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasi bilan hamkorlikda amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Oʻzbekistonda giyohvandlikka qarshi kurashish boʻyicha komissiya faoliyat yuritmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi ushbu sohada olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib bormoqda. Huquq-tartibot organlari tomonidan qoʻlga olinayotgan narkotik moddalarni yoʻq qilish tadbiri muntazam oʻtkazilmoqda. Narkotahdidlardan aholi, yoshlarni muhofaza qilish maqsadida ogohlikka chorlovchi tadbirlar ham muntazam oʻtkazilmoqda. Giyohvandlikka qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan yirik forum ushbu yoʻnalishda yangi bosqichni boshlaydi.
 
Yigʻilishda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining ijrochi direktori Yuriy Fedotovning fikrlari ishtirokchilarga oʻqib eshittirildi.
 
Ijrochi direktor yirik anjumanning Toshkentda tashkil etilgani uchun imkoniyat yaratgan Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan. Ushbu sessiya mamlakatlarga mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishni, ayniqsa, Afgʻonistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarishning rekord darajalari va bu bilan bogʻliq muammolarni hisobga olgan holda tahlil qilish uchun yaxshi imkoniyat beradi. Quyi komissiya yigʻilishining ishtirokchilari giyohvand moddalar muammosi bilan bogʻliq tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha milliy va xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor.
 
BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi tashkilotchiligida oʻtayotgan tadbirda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda mintaqaviy va quyi mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va bu bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalar muhokama qilinmoqda.
 
Muammoni hal qilish har tomonlama, koʻp tarmoqli, bir-birini toʻldiruvchi, muvozanatli, ilmiy asoslangan va kompleks yondashuvni talab qiladi. Shu maqsadda keng formatli ushbu yigʻilishda giyohvandlikka qarshi kurashishda tezkor maʼlumot almashishni yanada rivojlantirishga ahamiyat beriladi. Chunki mintaqaviy hamkorlik platformalarining rolisiz narkotik moddalar aylanishiga chek qoʻyish mushkul.
 
Sintetik opioidlar va sintetik kannabinoidlarning noqonuniy savdosi va unga qarshi kurash choralarini kuchaytirish boʻyicha yangi uslublarni yaratish va amalda joriy etish boʻyicha fikr almashiladi. Chunki narkotik moddalar bugungi kunda boshqa nom va boshqa koʻrinish olib, taʼsir doirasi oʻsib bormoqda.
 
Opiat moddalar ishlab chiqarish oʻchoqlariga barham berish, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga eʼtibor qaratiladi.
 
Giyohvand moddalarni isteʼmol qilishning oldini olish, ayniqsa, bolalar va yoshlarni buning oqibatlaridan ogoh etishga oid targʻibot tadbirlarini kuchaytirishda taʼsirchan uslublarni kuchaytirish zarur.
 
Ushbu mavzular besh kun davom etadigan yigʻilish ishtirokchilari tomonidan ishchi guruhlarga boʻlingan holda batafsil koʻrib chiqiladi.
 

Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA

Поделиться