O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSh Maxsus topshiriqlar bo‘yicha Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2019-09-24 | Siyosat
2019-yilning 22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Nyu-York shahrida AQShning xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha Elchisi Samuel Deyl Braunbek bilan uchrashdi.
Uchrashuvda AQSh tomoniga jamiyatning barcha jabhalarini yanada liberallashtirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida boshlangan mamlakatni modernizatsiya qilish va demokratlashtirish yo‘nalishining ortga qaytmasligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, Semuel Deyl Braunbekning 2018-yil sentabr oyida Toshkent shahriga tashrifi, shuningdek, respublika delegatsiyasining 2018-2019-yillarda jahonda diniy erkinlikni ilgari surish bo‘yicha birinchi va ikkinchi vazirlar konferensiyalarida ishtiroki natijalariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga mamlakat Hukumati sodiqligiga e’tibor qaratildi.
Prezident Donald Tramp ma’muriyati jahonda diniy erkinliklarni targ‘ib qilishga alohida e’tibor beradi. Elchi ushbu yo‘nalish tashqi siyosatning eng yuqori darajasiga ko‘tarilganligini ta’kidladi.
Davlat departamenti vakili ta’kidlashicha, so‘nggi uch yil ichida respublikada inson huquqlarini ta’minlash borasidagi yutuqlar, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik darajasi O‘zbekistonni “alohida xavotir uyg‘otuvchi davlatlar” ro‘yxatidan olib tashlashga imkon berdi. Uning fikricha, bu yutuq O‘zbekistonning din erkinligini ta’minlash borasidagi rahbarligi va majburiyati tufayli amalga oshirildi. Amerikalik diplomat “Jasliq” qamoqxonasini yopish qarorini olqishladi.
Elchi ta’kidlashicha, Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyalarida O‘zbekistonning nufuzli delegatsiyasi ishtiroki olib borilayotgan islohotlarning AQSh tomonidan e’tirof etilishining dalili bo‘ldi.
Shu o‘rinda Samuel Deyl Braunbek Oliy Majlis deputatlari tomonidan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning ko‘rib chiqilishi boshlanganligini olqishladi. Elchi qonun loyihasining diniy e’tiqod erkinligiga amal qilish masalalari borasidagi ilg‘or chet el tajribasi va xalqaro standartlarni o‘zida aks ettirishiga umid bildirdi.
Samuel Deyl Braunbek O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar hududidan qaytarib olib kelish borasidagi sa’y-harakatlarini butkul qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. AQSh repatriatsiya qilingan shaxslarni tez muddatlarda reabilitatsiya qilish va jamiyatga qaytarishi, jumladan radikal guruhlarga qo‘shilishning oqibatlari to‘g‘risida ma’rifiy tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha mamlakatning ustuvor vazifalarini qo‘llab quvvatlaydi.
O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida diniy erkinliklarni himoya qilish uchun Global chorlovga bag‘ishlangan yuqori darajali konferensiyada hamda yetakchi Amerika kompaniyalari ishtirokida diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha davra suhbatida ishtirok etish ham rejalashtirilmoqda.