O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi
2019-09-23 | Jamiyat
Kuni kecha O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari-xotin-qizlar masalalari bo’yicha bo’lim boshlig’i polkovnik Umida Abdullaeva YuNISEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, YuNISEF xalqaro psixolog-maslahatchilari Svetlana Rijikova va Gulchehra Nig’madjonovalar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek “Ichki ishlar organlari to’g’risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi qonunlari hamda boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirish lozim bo’lgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Amaliy muloqot davomida Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi o’smir qizlarni tarbiyalashga oid muassasada shart-sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi ham ko’rib chiqildi.
O’zbekiston tomonidan respublikada xotin-qizlar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga ko’maklashish bo’yicha YuNISEF loyihasini birgalikda ishlab chiqish taklifi berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu loyihani birgalikda ishlab chiqish, qizlarni tarbiyalash bo’yicha muassasalar o’qituvchilari, shuningdek voyaga etmaganlar bilan ishlash bo’yicha ichki ishlar organlari xodimlari uchun seminarlar va treninglar o’tkazish, xususan bunda O’zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti imkoniyatlaridan foydalangan holda ko’rib chiqishga kelishib oldilar.