O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
TIV Konsullik-huquqiy departamenti axboroti
2019-09-23 | Jamiyat
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma’lumotga ko‘ra 2019-yil 21-sentabr kuni Chimkent shahridagi Mintaqaviy ijtimoiy-innovatsion universitetda O‘zbekiston Elchisi Saidikrom Niyazxodjayev, Chimkent shahar hokimligi vakillari, Universitet rektori Sandibay Boranbayev, Qozog‘iston Xalq assambleyasi raisi o‘rinbosari Sherzod Pulatov, Qozog‘iston Xalq assambleyasining Chimkent shahri bo‘yicha raisi o‘rinbosari Muradali Xalmuradov, Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklarining “Do‘stlik” etnomadaniy birlashmalari assotsiatsiyasi raisi Ikram Xashimdjanov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Chimkent shahrida ta’lim olayotgan O‘zbeksiton fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash, qoidabuzarlarga qonuniy choralar ko‘rish va kelajakda noxush hodisalarning oldini olish uchun zarur profilaktika tadbirlarini o‘tkazish borasida ko‘riladigan choralar muhokama qilindi.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Elchixonasi va Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi (Chimkent shahri uning konsullik okrugiga kiradi) vaziyatni nazoratga olgan. TIVning topshirig‘iga binoan Bosh konsulxona vakillari shaharda bo‘lib turibdi, hudud va Universitet rahbariyatlari, o‘zbekistonlik talabalar bilan aloqa o‘rnatilgan. Mamlakatimizdan borgan talabalarga ularning diplomatik vakolatxona himoyasida ekanligi tushuntirildi.
Barcha mavjud muammolar Chimkent shahri mahalliy hokimiyati bilan birgalikda hal qilinadi. Mahalliy hokimiyat diplomatik vakolatxona faoliyatiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘istonning Olmaota va Chimkent shaharlari, Olmaota, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16.