O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Malayziyaning qator kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi
2019-09-23 | Turizm
19-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi binosida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻlimi vakillari Malayziyaning PacPlus Resources, Midlands Aviation Asia Pacific (M) Sdn.Bhd. va Malaysia-Uzbekistan Chamber of Commerce kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Tadbirning maqsadi – Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirish. Bular:
• Oʻzbekistonda turizmning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari;
• Soliqlar hamda investorlar uchun turizm sohasida taqdim etilayotgan imtiyozlar;
• Erkin turistik zonalarni rivojlantirish;
• Hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan turistik infratuzilma loyihalari;
• Turizm statistikasi;
• Turizm sohasida kadrlar masalalari.
Xorijiy delegatsiya vakillari Oʻzbekiston hukumati tomonidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda turistik sohaning tezkor rivojlanishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor qilindi. 85 mamlakat, shu jumladan Malayziya fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi, viza jarayonlarining soddalashtirilishi, elektron viza berish tizimining yoʻlga qoʻyilishi, shuningdek mashhur xorijiy OTMlarni jalb qilgan holda turizm sohasidagi kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yaxshilashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, respublikaga tashrif buyurayotgan yaqin va uzoq xorijiy davlatlar fuqarolari oqimi boʻyicha statistik maʼlumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, chora-tadbirlar ijrosi natijasida bugunga kelib mamlakatda turistik oqimning sezilarli darajada oshgani va shu munosabat bilan chet ellik mehmonlarni joylashtirish uchun joylar soni bilan bogʻliq muayyan qiyinchiliklar mavjud ekanligi qayd etildi. Ushbu kontekstda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistonni investitsiyalar, xususan, mehmonxonalar tarmogʻini yaratish hamda mamlakatdagi turistik infratuzilma obyektlarida investitsion ishtirok imkonini koʻrib chiqish uchun jozibador davlat sifatida koʻzda tutish taklif qilindi.
Malayziya kompaniyalari vakillari turizm sektorida investitsiya loyihalari uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar bilan batafsil tanishtirildi.
Oʻz oʻrnida, xorij tomon tashrifning sifatli tashkil etilgani uchun minnatdorchilik bildirib, ikki tomonlama hamkorlikning boshlanishi Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgan davrga toʻgʻri kelganini qayd etdi. Malayziya kompaniyalari vakillari ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga bor kuchlarini sarflashga tayyor ekanini maʼlum qilishdi.
Uchrashuv doirasida ziyorat turizmi salohiyatli yoʻnalishlardan biri sifatida eʼtirof etilib, salohiyatli sarmoyadorlarga respublikada uni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida zarur maʼlumotlar berildi. Mehmonlar Malayziyada “Imom Al-Buxoriy” nomi ziyorat turizmi boʻyicha turistlar sonini oshirishga turtki bera oluvchi brend ekani, zero u yerdagi islom izdoshlarining soni 3 million kishini tashkil qilishini taʼkidlashdi. Shu bilan birga, turistik oqimni oshirish yoʻlida aviaqatnovlarni tashkillashtirish taklif etildi. Yana bir muhim yoʻnalish sifatida turistik xizmatlar sifatini oshirish va kadrlar malakasini oshirishga doir dasturlar taklif qilindi. Uchrashuv yakuniga koʻra, tomonlar hamkorlikni davom ettirish muhimligi hamda bundan keyingi hamkorlik rejalarini muhokama qilish va ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.