Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahri mezbonlik qilgan boks boʻyicha jahon chempionatini hamyurtlarimiz yuqori notada yakunlashdi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati bu haqida xabar berdi.
Kattalar oʻrtasidagi XX jahon chempionati bahslari sakkizta vazn toifasida oʻtkazilgan boʻlsa, ushbu musobaqaning hal qiluvchi bahslariga toʻrt nafar bokschimiz yetib kelgani haqida xabar bergandik.
Dastlab -52 kg vazn toifasida oʻtkazilgan final jangida Rio olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov hindistonlik Amitga qarshi ringga koʻtarildi. Uch raund murosasiz kechgan jangda hakamlar bir ovozdan 5:0 hisobida Shahobiddin Zoirovga gʻalabani berishdi va mamlakatimiz charm qoʻlqop ustalari dastlabki oltin medalga sazovor boʻlishdi.
-57 kg vazn toifasidagi final jangida ham omad oʻzbekistonlik bokschiga kulib boqdi. Ushbu vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilishga bel bogʻlagan Mirazizbek Mirzahalilov hal qiluvchi bahsda kubalik Lazaro Alvares Estradaga qarshi ringga koʻtarildi. Murosasiz kechayotgan jang ikkinchi raunddayoq toʻxtatildi, sababi bu paytga kelib kubalik bokschining qoshi yorilib ketgandi. Natijada hakamlar tomonidan oʻsha vaqtgacha boʻlgan ochkolar hisoblandi va unda Mirzahalilovning qoʻli baland keldi.
Afsuski ular boshlab bergan gʻolibona odimni umidli bokschilarimizdan yana biri Dilshodbek Roʻzmetov munosib davom ettira olmadi. U finalda qozogʻistonlik tajribali charm qoʻlqop ustasi Bekzad Nurdauletovga qarshi ringga koʻtarildi va uch raund davom etgan jangda nomdor raqibiga imkoniyatni boy berdi. Shunday boʻlsa-da 20 yoshida oʻzi uchun debyut boʻlgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor boʻlish – Dilshodbek Roʻzmetov uchun ajoyib natija va uni oldinda porloq kelajak kutib turganiga ishongimiz keladi.
Eng ogʻir, +91 kg vazn toifasida ringga koʻtarilgan tajribali bokschimiz Bahodir Jalolov qozogʻistonlik Qamshibek Konkabayevni ishonchli tarzda magʻlub etdi va jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim etdi. Bu bilan Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur musobaqani norasmiy umumjamoa hisobida 1-oʻrin bilan yakunladi. Barcha masala Jalolovning final jangida hal boʻldi. Chunki bungacha mezbon Rossiya terma jamoasi uchta oltin medal bilan musobaqa peshqadamligini qoʻlga olgandi. Bahodirning ajoyib gʻalabasi vakillarimizni umumjamoa hisobida 1-oʻringa olib chiqdi. Chunki terma jamoamizda uchta oltin medaldan tashqari Dilshodbek Roʻzmetovning kumush medali ham bor edi.
Darvoqe, musobaqada oʻzining ajoyib janglari bilan muxlislar mehrini qozongan Bahodir Jalolov bir ovozdan XX jahon chempionatining eng yaxshi bokschisi, deb topildi.
Yana bir gap, oʻzbekistonlik bokschilarning jahon chempionatlarida qoʻlga kiritgan oltin medallari soni 9ta yetdi. Bu borada bizdan yaxshiroq koʻrsatkichni faqat Kuba, Rossiya (SSSR), AQSH hamda Qozogʻiston terma jamoalari qayd etib turishibdi.