O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vazirligida yangi turdagi, yuqori samarador qurilish materiallari koʼrgazmasi tashkil etildi
2019-09-20 | Innovatsiya
Joriy yilning 19-sentabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʼzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshidagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashi hamkorlikda respublikamizdagi qurilish materiallari sohasida mavjud ilmiy va innovatsion, yangi turdagi, yuqori samarador qurilish materiallari, ishlanmalar va texnologiyalar koʼrgazmasi tashkil etildi.
Koʼrgazmada Qurilish materiallari sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirish boʼyicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan ilmiy-tadqiqot ishlari boʼyicha umumiy qiymati 7,6 mlrd. soʼmlik 10 ta yoʼnalishdagi innovatsion loyihalar tanlovida ishtirok etayotgan olimlarning ishlanmalari namoyish qilindi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarorining bajarilishini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʼzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “Oʼzstandart” agentligi, “Oʼzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashi tuzilgan. Ilmiy-texnik kengash – qurilish materiallari sanoati yoʼnalishi boʼyicha uyushmaning ilmiy-texnik siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga koʼmaklashadigan, davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy-texnik loyihalarni baholash, ekspertiza qilish va monitoringdan oʼtkazish bilan bogʼliq ishlarni amalga oshiradi. Shuningdek, qurilish materiallari sanoatiga innovatsiyalarni joriy qilish boʼyicha ilgʼor xorijiy tajribalar va texnologik jarayonlarni har tomonlama oʼrganib, yuqori tijorat salohiyatiga ega va roʼyobga chiqarishga tayyor boʼlgan istiqbolli startap-loyihalarni tanlaydi hamda har tomonlama qoʼllab- quvvatlaydi.
Аyni paytda Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida qurilish yoʼnalishi boʼyicha soha korxonalari buyurtmasi boʼyicha 7 650,0 mln soʼmlik 30 ta amaliy tadqiqotlar loyihalari bajarilmoqda.