O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fransiya tashqi ishlar vazirining vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-09-20 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 18-sentabr kuni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida Fransiya tashqi ishlar vazirining Markaziy Osiyodagi iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha maxsus vakili Paskal Loro bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, shuningdek, Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Izabel Servoz-Galluchchi, shuningdek, elchixona va vazirlikning mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Muzokaralar chog‘ida sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli amaliy masalalari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanish dinamikasiga ijobiy baho berildi. “Beldersay-Chimgan-Nanay” xalqaro butun-mavsum kurortini barpo etish loyihasini jadal amalga oshirish, shuningdek, “Duoba” xalqaro sayyohlik kompleksini qurish loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarda yutuqlarga erishilgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning holatini tahlil qilish, aniq taklif va loyihalarni ishlab chiqishning samarali vositasiga aylangan: O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining faoliyati bilan bog‘lik masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar savdo sohasidagi tashriflarni tashkil etishga, eksport uchun ishlab chiqilayotgan istiqbolli mahsulotlar ro‘yxatini doimiy ravishda almashishga, shuningdek tomonlarning ikki mamlakatdagi tegishli ko‘rgazmalarida faol ishtirok etishga o‘zaro qiziqish bildirdilar. O‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi va Fransiyaning o‘rta sinf biznesi tomonidan O‘zbekiston bozoriga qiziqish borligi qayd etildi, shuningdek, kosmik sohani rivojlantirishga, ushbu soha bo‘yicha professional ta’lim berish va mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashishni nazarda tutgan takliflar bildirildi.