O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligida Frantsiya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
2019-09-19 | Siyosat
Toshkent shahar hokimi Frantsiyaning Yevropa va tashqi ishlar vazirining Markaziy Osiyodagi iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha maxsus vakili Paskal Loro va Frantsiya elchisi Izabel Servoz-Galluchchini qabul qildi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Frantsiya azaldan do‘st va hamkor davlatlardir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tarixi O‘zbekiston hududidan o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li karvonlari Yevropa bo‘ylab qatnagan davrlarga borib taqaladi. O‘zaro muloqot davomida Toshkent shahar hokimi o‘zaro hamkorlikda munosabatlarni rivojlantirish borasida qator takliflarni bildirdi. Xususan, Yevropa davlatlari ichida dastlab Frantsiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilingani, 2018 yilda yurtimizda ushbu davlatdan 13 mingdan ortiq sayyoh kelganiga e’tibor qaratib, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini bildirdi. Shuningdek, mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan sharoit, qulaylik va imtiyozlarga to‘xtalib, Frantsiyaning tadbirkorlari bilan aloqalarni kengaytirish, o‘zaro hamkorlikda yangi va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida so‘z yuritdi. Shuningdek, Yevropadagi ta’lim standartlari va sifati yuqoriligini ta’kidlagan holda Toshkentda Frantsiyadagi oliy ta’lim dargohlarining filiallarini ochish, jumladan, mehmonxona biznesi va turizm sohasida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan universitetni tashkil qilish taklifini bildirdi.
O‘z navbatida Frantsiya tomoni samimiy qabul va do‘stona munosabat uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy, turizm, madaniyat va ta’lim kabi qator sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyorligini aytib o‘tdi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasini 4 oktyabr kuni Frantsiyada o‘tkaziladigan «Top Resa-2019» xalqaro turistik yarmarkada ishtirok etishga taklif qildi.