O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti o‘qituvchilari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurdi
2019-09-19 | Ta’lim
Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga universitet dekani professor Kvon Te-Vuk boshchilik qildi.
Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Ruftullo Ne’matov uchrashuv davomida mamlakatlarimiz uzoq vaqt davomida sinalgan strategik hamkor ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Ikki mamlakat rahbarlarining yuqori darajadagi tizimli aloqalari O‘zbekiston – Koreya Respublikasi o‘rtasidagi harbiy munosabatlarni yangi darajaga olib chiqdi.
Mazkur yo‘nalishda Qurolli Kuchlar akademiyasi va Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti o‘rtasida imzolangan memorandum alohida ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligining 20 nafardan ortiq ofitserlari turli yo‘nalishlarda tajriba almashish maqsadida Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy ta’lim muassasalarida tayyorgarlik o‘tab qaytdi.
Tadbir yakunida Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti o‘qituvchilari akademiyada yaratilgan sharoitlar, uning infratuzilmasi bilan yaqinda tanishib, o‘quv xonalarida kursantlar bilan suhbatlashdilar.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4—6-sentabr kunlari O‘zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi harbiy delegatsiyasi xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha Koreya Respublikasida o‘tkazilgan “Seul muloqoti – 2019” forumida ishtirok etgan edi. Tadbirlar davomida general-mayor Azizbek Ikramov Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vaziri o‘rinbosari Pak Chje Min bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazgan.