O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namangan muhandislik-texnologiya instituti Pokiston milliy yengil sanoat universiteti bilan hamkorlik o‘rnatdi
2019-09-18 | Ta’lim
Ayni kunlarda Namangan shahar hokimligi, tadbirkor-ishbilarmon doiralar vakillari va Namangan muhandislik-texnologiya institutining professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Pokistonda bo‘lib turibdi.
Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif davomida Faysalobod shahriga bordilar.
Ma’lumot o‘rnida, Panjob viloyatida joylashgan ushbu shahar Pokistonda nufuzi jihatidan Karachi va Lahordan keyingi o‘rinda turadigan shahar hisoblanadi. Mazkur “siti”da 3 million 500 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Qayd etish joiz, Faysalobod shahri Pokistonning tekstil markazi hisoblanadi va eksportining salkam 70 foizini aynan tekstil mahsulotlari tashkil etadi.
Delegatsiyaning Faysalobod shahriga safari davomida amaliy natijaga erishildi, ya’ni Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Pokiston milliy yengil sanoat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
NamMTI rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Odiljon Mamatkarimov tasdiqlagan mazkur bitimga muvofiq, Namangan muhandislik-texnologiya institutida Pokistondagi universitet bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarini jahon standartlari darajasida sinovdan o‘tkazish va sertifikatsiyalash laboratoriyasini tashkil etiladi. Ikkala oliy ta’lim muassasalarining pedagoglar va talabalarining o‘zaro tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.