Yevropa Ittifoqining Erasmus+ taʼlim, kasbiy tayyorgarlik, sport va yoshlar bilan ishlash, loyihalar dasturi chorak asrdan buyon Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida samarali amalga oshirib kelinadi.
Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida Tempus va Erasmus+ dasturlari doirasida Oʻzbekiston hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikning 25 yilligiga bagʻishlab matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Erasmus+ loyihalari jamoalari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan eng samarali hamkorlik 1994-2013-yillarda Tempus dasturi, 2007-2014-yillarda Erasmus Mundus dasturi asosida amalga oshirildi. 2014-yildan buyon esa Erasmus+ dasturi amalda. Mazkur dastur mamlakatimizda oliy taʼlimni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga koʻmaklashishni koʻzlaydi. Ayni paytda yurtimizning 70 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi Erasmus+ loyihalari boʻyicha katta tajribaga ega.
– Mazkur sohaga doir barcha dasturlar Oʻzbekiston hukumatining oliy taʼlimni rivojlantirish boʻyicha maqsad-muddaolariga hamohang ekani bilan ahamiyatlidir, – dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi vakili Yussi Narvi. – Ishonamanki, Oʻzbekiston ham Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasidagi akademik almashinuvni taʼminlashga birdek hissa qoʻshadi. Ushbu dastur oʻzbekistonlik yoshlarga Yevropa mamlakatlarining yetakchi universitetlarida tahsil olish imkonini beradi. Shuni ham aytishni istardimki, bugun Oʻzbekistonda taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor bizni quvontirdi.
– Oʻtgan 25 yil mobaynida biror loyiha ijrosi yuzaki qilingani yoʻq, – dedi Erasmus+ milliy ofisining Oʻzbekistondagi koordinatori Aziza Abdurahmonova. – Iqtidorli yoshlarning Yevropadagi yetakchi universitetlarda tahsil olishi, grantlar, stipendiyalar boʻyicha maxsus dasturlar, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirishga doir bu loyihalar hozirda ham izchil va muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda.
Darhaqiqat, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash, menejment va biznes sohasida oʻquv dasturlarini yaratish, zamonaviy oʻquv laboratoriyalarini tashkil etish, yurtimiz oliy taʼlim dargohlari hamda Yevropaning yetakchi universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni oʻrnatishda Tempus va Erasmus+ dasturlarining ahamiyati katta boʻldi. Bu boradagi loyiha va dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Guliston davlat universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Turin politexnika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti kabi oliy taʼlim muassasalari yetakchi oʻrin egallamoqda. Istiqbolda esa bu boradagi hamkorlikni tobora kengaytirish belgilangan.
Matbuot anjumanida joriy yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan “Erasmus kunlari – 2019” haftaligi haqida ham maʼlumot berildi.
Nazokat USMONOVA, Muhammad AMIN (surat), OʻzA