O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Belorussiya davlati Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zDSMIda
2019-09-17 | Madaniyat
Yurtimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan keng islohotlarning muhim qismida xalqaro doiradagi aloqalar nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur tamoyil har jihatdan jahon standartlariga to‘la javob beradigan professional kadrlar tayyorlash imkoniyatini beradi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Belorussiya davlati Madaniyat vaziri birinchi o‘rinbosari Natalya Vladimirovna Karchevskaya tashrif buyurdi. Institut rektori, professor Ibrohim Yuldashev, prorektor Go‘zal Xoliqulova boshchiligida mehmon institut muhiti bilan yaqindan tanishdi. O‘quv teatri binosi, “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi, mahorat darslari xonalari, “Xalq ijodiyoti” fakultetining dars jarayonlari kuzatildi. Talabalar milliy raqs va xoreografiya san’atini o‘zlashtirish amaliyotini ko‘rsatishdi. Institutning moddiy texnik bazasi haqida ma’lumotlar berib o‘tildi.
Natalya Vladimirovna bilan professor-o‘qituvchilar va bo‘lajak doktorantlar ishtirokida institut konferentsyailar zalida ijodiy suhbat uyushtirildi. Unda mehmon Belorussiya davlatidagi san’at va madaniyat sohalaridagi ta’lim tizimi borasida gapirdilar. O‘zaro shartnomalar imzolash, pedagogik malaka oshirish tizimini yanada rivojlantirish borasida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, xalqaro doiradagi festivallar, ilm, san’at va madaniyat sohalaridagi yangiliklar, fakultetlararo aloqa o‘rnatish, muzeyshunoslik va kutubxonashunoslik sohalarini yanada takomillashitirish borasida ko‘plab rejalar oldinga tashlandi. Suhbat jarayonida professor-o‘qituvchilar va bo‘lajak doktorantlar bilan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Eng aossiysi, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarining yanada avj olishi, magistratura va doktorantura bosqichlarida innovatsion loyihalar bo‘yicha ishlash tamoyillari ilgari surildi.
O‘ylaymizki, Natalya Vladimirovnaning mazkur tashrifi oldinda o‘zbek va belorus millatlari o‘rtasidagi muhim aloqalarni yanada rivojlantiradi. Ulkan maqsadlar hayotimizga ijobiy yangiliklarni olib kiraversin!