O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimidagi nutqi

2019-09-16 | Siyosat

Hurmatli festival ishtirokchilari! 

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, sizlarni so‘lim va maftunkor Farg‘ona vodiysida, qadimiy va go‘zal Qo‘qon shahrida qutlashdan bag‘oyat mamnunman.

Barchangizni YuNESKO rahnamoligida o‘tkazilayotgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Fursatdan foydalanib, Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti, hurmatli Rozi Grinlis xonimga anjumanimizda shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz.

Festivalimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Vladimir Medinskiyni, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqto‘ti Raimqulovani, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamuradovni, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin O‘rumbekzodani, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayevni, Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Jamanqulovni, Belarus Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Natalya Karchevskayani, Armaniston Respublikasi ta’lim, fan, madaniyat va sport vazirining o‘rinbosari Narina Xachaturyanni chin dildan qutlaymiz.

Bundan tashqari, Xitoy san’at va hunarmandchilik uyushmasi prezidenti Xu Nianshaga, Hindistonning Xaryana shtati turizm vaziri o‘rinbosari Vijay Vardxanga, Malayziya xalq amaliy san’atini rivojlantirish korporatsiyasi bosh direktori Enchik Ibragim bin Ismoilga, shuningdek, YuNESKOning yuqori martabali vakillari hamda Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani, Amerika va Afrika mintaqalari bo‘yicha rahbarlariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Davramizda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ko‘rib turganimizdan xursandmiz.

Festivalimizda dunyoning 78 ta davlatidan 370 dan ziyod mohir hunarmand, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. 

Barchangizni chin yurakdan qutlab, O‘zbekistonga, ushbu anjumanga bo‘lgan katta hurmat va e’tiboringiz uchun tashakkur izhor etaman. 

Hurmatli festival ishtirokchilari!

Ma’lumki, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lgan xalq amaliy san’ati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida o‘rin tutadi.

Insoniyatning ongli hayotida hunarmandchilikning paydo bo‘lishi – bu sivilizatsiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bashariyat faxri bo‘lgan buyuk shaharlar, me’moriy obidalar, tarixiy va arxeologik yodgorliklar, minglab muzeylardagi nodir eksponatlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Hammamizga ayonki, xalq amaliy san’ati – bu avvalo, tabiat bilan uyg‘un bo‘lib, tabiatdan zavq va ilhom olib, betakror ijod namunasini yaratishdir.

O‘zingiz tasavvur qiling, oddiy qora tuproqdan, bir bo‘lak temir yoki yog‘och parchasidan noyob va go‘zal buyumlar yaratish, ta’bir joiz bo‘lsa, ularga “jonu til” bag‘ishlash uchun hunarmandga nafaqat mashaqqatli qo‘l mehnati, balki qalb harorati kerak. Nozik did va mahorat, sabr-toqat, eng muhimi, o‘z kasbiga cheksiz mehr va sadoqat, fidoyilik kerak.

Shu bilan birga, chinakam hunar sohibi – u kulol bo‘ladimi, kandakor yoki to‘quvchi bo‘ladimi, naqqosh yoki zargar bo‘ladimi – o‘z ishini a’lo darajada bajarish uchun juda ko‘p ilmlardan, avvalo, kimyo, biologiya, tibbiyot, fizika, geometriya, astronomiya, tarix, falsafa kabi fanlardan xabardor bo‘lishi, ularni amalda qo‘llay bilishi zarur.

Shu borada birgina misol keltirmoqchiman.

Butun dunyoga mashhur bo‘lgan milliy kashtachilik san’atimiz, qadimiy so‘zanalarimizdagi sirli, mo‘’jizali, ilohiy naqshlar, ranglar jilosi zamirida falakiyot ilmi, kosmogonik tasavvurlar mujassam ekani har qanday odamni ham hayratga soladi.

Xalqimiz azaldan o‘z kasbining chinakam fidoyisi bo‘lgan mohir hunarmandlarni “usta” va “ustazoda” degan nomlar bilan ulug‘lab, e’zozlab keladi.

Shu o‘rinda buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshband bobomizning “Hunar shunday tulporki, unga mingan kishi albatta hurmat-e’tibor topgay va saodat manziliga yetgay”, degan hikmatli so‘zlarini eslab o‘tishni joiz, deb bilaman.

Kelgusi yili tavalludining 700 yilligi nishonlanadigan bu tabarruk zot nafaqat aziz-avliyo, avvalo, o‘zlari ham yetuk hunarmand, ahli hunarning piri bo‘lganlar. Bu ulug‘ siymoning “Diling – Ollohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin” degan ezgu da’vatiga amal qilib, yurtimizdagi ming-ming hunarmandlar o‘zlarining mashaqqatli, halol mehnati, insoniy fazilatlari bilan xalqimizga, yoshlarimizga ibrat va namuna bo‘lib kelmoqdalar.

Ayni vaqtda bugungi globallashuv va yuksak texnologiyalar asrida xalq amaliy san’atiga shunchaki o‘tmish yodgorligi sifatida bepisand qarash holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Agar bu nodir san’atni davlat va jamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlamas ekanmiz, ertaga kech bo‘ladi – hunarmandlik sohasi bugungi davrning keskin raqobatiga bardosh berolmaydi.

Shu ma’noda, jahon xalq amaliy san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, bu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, bu yo‘ldagi sa’y-harakat va imkoniyatlarimizni birlashtirishda mana shunday xalqaro anjumanlarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

O‘zbekistonda hunarmandlar mehnatini qadrlash, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun tegishli huquqiy asos, imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, o‘z saflarida minglab ustalarni birlashtirgan “Hunarmand” uyushmasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Buxorolik mashhur zardo‘z Muyassar Temirova, samarqandlik ta’mirchi usta Mirumar Asadov, farg‘onalik yog‘och o‘ymakori Abdug‘ani Abdullayev kabi yurtdoshlarimiz mamlakatimizning eng oliy mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgani ushbu soha vakillarining sharafli mehnatiga yuksak e’tibor ifodasidir.

Biz farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlar bilan birga, xalq amaliy san’ati sirlarini ham puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratib bermoqdamiz. Respublikamiz poytaxti va joylarda ushbu yo‘nalishda o‘nlab festival va yarmarkalar, savdo ko‘rgazmalari, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda, yoshlar uchun hunarmandchilik maktablari tashkil etilmoqda. Eng muhimi, bu soha vakillari mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni ijtimoiy mehnatga jalb etish, turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Biz tariximiz, milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan, qadimiy va boy an’analarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga yanada katta e’tibor beramiz. Bu borada mazkur xalqaro festival davomida o‘rtaga tashlanadigan amaliy fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, hech shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.

Qadrli do‘stlar!

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani albatta, bejiz emas. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu qadimiy shahar  haqli ravishda “oltin vodiy” deb nom olgan go‘zal Farg‘ona vodiysining gavharidir.

Ikki ming yillik shonli tarixga, so‘lim tabiatga ega, qancha-qancha buyuk voqealarga guvoh bo‘lgan Ho‘qandi latif milliy davlatchilik, ilmu hunar, san’at va adabiyot ravnaqining yorqin timsolidir.

Ko‘hna Farg‘ona zamini jahon ilm-fani va madaniyatiga Ahmad Farg‘oniy, Burhonuddin Marg‘inoniy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Amiriy va Nodirabegim, Jahon otin Uvaysiy, Mavlono Muqimiy, Zokirjon Furqat kabi o‘nlab mutafakkir zotlarni, ulug‘ shoir va adiblarni, Qodirjon Haydarov singari mashhur hunar ustalarini yetkazib bergani bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Birgina mana shu Farg‘ona viloyatining o‘zida milliy hunarmandchilikning qanday mashhur brendlari bor. Bu haqda gapirganda, Marg‘ilonning kamalakdek tovlanadigan mashhur atlas va adraslarini, Rishtonning betakror kulolchilik san’atini, Qo‘qonning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik maktablarini, o‘ylaymanki, ortiqcha ta’riflab o‘tirishning hojati yo‘q.

Bugungi kunda butun yurtimiz, butun Farg‘ona viloyati kabi Qo‘qon shahri, uning qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, har tomonlama obod bo‘lib, mamlakatimizning yirik iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylanmoqda.

Xabaringiz bor, ushbu festival arafasida shahar hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi. Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi. Ya’ni, Qo‘qon shahri dunyo hunarmandchilik xaritasida ham munosib va mustahkam o‘rin egalladi.

Qo‘qon shahri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida birinchi bo‘lib ushbu ro‘yxatga kiritilganini biz mamlakatimizda xalq amaliy san’atini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizga xalqaro miqyosda berilgan katta baho, deb qabul qilamiz.

Kuni kecha Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo – Tinch okeani mintaqasi prezidenti Gada Hijobiy Qaddumiy xonim Qo‘qon shahriga ana shu guvohnomani tantanali ravishda topshirdi.

Mana shu quvonchli ayyomda muhtaram Qo‘qon ahlini, butun O‘zbekiston hunarmandlarini ana shunday yuksak e’tirof bilan chin dildan tabriklayman.

Bunday ulkan e’tibor uchun Jahon hunarmandlar kengashi va uning prezidenti, hurmatli Rozi Grinlis xonimga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Aziz mehmonlar!

Ushbu xalqaro festival nafaqat ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi, balki jahon hunarmandlari, butun dunyo ustalarining katta bayrami, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Bu – olis tarix va bugungi zamon nafasini, turli qadriyat va an’analarni o‘zida yaqqol namoyon etadigan, mushtarak dillarni birlashtiradigan chinakam do‘stlik va hamkorlik anjumanidir.

Aminmanki, dunyoda tinchlik va hamjihatlikni, go‘zallik va nafosatni targ‘ib etadigan bu festival jahon maydonida albatta o‘zining munosib o‘rnini topadi.

Barchangizni mehmondo‘st va saxovatli O‘zbekiston zaminida yana bir bor chin yurakdan qutlayman.

Ushbu anjumanni yuksak saviyada o‘tkazish uchun sidqidildan xizmat qilgan barcha yurtdoshlarimizga, mehnatkash, oqko‘ngil, bag‘rikeng Farg‘ona eliga, Qo‘qon ahliga samimiy tashakkur bildiraman.

Festivalning barcha qatnashchilariga, muhtaram mehmonlarimizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Поделиться