O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ko‘rib chiqildi

2019-09-13 | Siyosat

2019-yil 13-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada samarali ro‘yobga chiqarish hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan vakillik va ijro hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Majlisda Qo‘mita a’zolari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

 Ta’kidlanganidek, yoshlar alohida ijtimoiy guruh sifatida jamiyat va davlat rivojida muhim o‘rin tutadi.  Hozirgi yigit-qizlar - mamlakatimiz kelajagini bugundanoq belgilayotgan, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida yangi g‘oyalar, kuch va imkoniyatlarni ishga solishga qodir ulkan kuchdir. Shu bois ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, intilish va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash - davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi mamlakatda bu borada olib borilayotgan ishlarning  yangi bosqichga olib chiqilishiga, ularning kelajagi uchun yangi sahifa ochilishiga katta qadam bo‘ldi.

 O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va amaliy ko‘magi asosida Yoshlar ittifoqi faoliyatiga doir jami 40 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining 3 ta qonuni, Davlatimiz rahbarining 5 ta farmoni, 8 ta qarori, 2 ta farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining bir qator hujjatlari shular jumlasidan. Qolaversa, yoshlar masalalari bilan bog‘liq 70 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Yoshlarga munosib shart-sharoitlar yaratib berilayotganligiga qaramasdan, ayrim mutasaddi tashkilot rahbarlarining sustkashligi sababli yigit-qizlar bilan bog‘liq aksariyat muammolarni hamon to‘liq bartaraf etib bo‘lmayapti. Joylarda mutasaddi rahbarlar tomonidan bu masalani mensimasdan, yoshlar hayoti, o‘y-kechinmalari, orzu-umidlariga e’tiborsiz qarash holatlari hamon uchramoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi   Farmoniga asosan “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, joriy yilda Davlat dasturi qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda tizimli ishlar amalga oshirilib, 2,1 trln. so‘mga yaqin 8913 ta biznes loyihaning manzilli ro‘yxati sohalarga ajratilgan holda tuman (shahar)lar kesimida ishlab chiqildi. Biroq joylarda mutasaddilarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi, qolaversa tegishli vazirlik va idoralar, moliya muassasalarining mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorligi lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi bois mamlakatimiz kelajagi uchun muhim bo‘lgan ushbu dastur ko‘pgina viloyatlarda qoniqarsiz bajarilmoqda.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, bandligi ta’minlash, nofaol yoshlar bilan ishlash borasida samarador chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Ta’kidlanganidek, yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olishda asosiy omil - ularning samarali bandligini ta’minlash borasida ham qator kamchiliklar mavjud. Yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, jumladan, ular uchun barqaror hamda istiqbolli ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarning mehnatga oid huquqlariga ish beruvchilar tomonidan rioya etilishi ustidan qat’iy nazoratni yo‘lga qo‘yish taqozo etiladi. Zotan, har yili mamlakat mehnat bozoriga ta’lim muassasalarini tamomlagan qariyb 450 ming nafar yosh o‘g‘il-qiz kirib kelmoqda.

So‘zga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, yuqorida ko‘rsatilgan raqamlar ortida kelajakka umid bilan boqib turgan, o‘z orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish imkonini izlayotgan yoshlarimizning ertangi kuni mujassam. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida alohida dasturlar qabul qilinishi lozim.

 Majlisda tilga olingan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator tavsiyalar bildirildi. Xususan, yoshlarni islohotlarga faol jalb qilishning o‘ziga xos uslubi sifatida “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarini mutlaqo yangicha, zamonaviy ruhda tashkil qilish mexanizmini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, yoshlarni “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasi ostida birlashtirish, ular qalbida islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, chuqur ilm olishga va kitob mutolaasiga tizimli jalb etish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda muhokama etilgan masala bo‘yicha Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Поделиться