Toshkentda Xitoyning mashinasozlik uskunalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ishtirokida Markaziy Osiyo mashinasozligi xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va “BeiJing TRIC International Exhibition Co.Ltd” kompaniyasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi hamda Xitoyning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan koʻrgazmada 70 dan ziyod xorijiy kompaniyalar vakillari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Koʻrgazmadan asfalt-beton zavodlari qurish, qurilish ashyolari tashish, qadoqlash uskunalari, maxsus mashinalar, qurilish kranlari va sanoat liftlari, gʻisht, qogʻoz tayyorlash uskunalari, tegirmonlar, tosh va qimmatbaho metallarga ishlov beruvchi stanoklar, burgʻilash qurilmalari, oʻtga chidamli mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur texnika vositalari oʻrin olgan.
– Ushbu koʻrgazmaga jahon mashinasozlik bozorida munosib oʻringa ega yirik korxonalarning eng sara texnikalarini keltirdik, – deydi Xitoy kompaniyalari delegatsiyasi rahbari, “International Engineering and Mashinery Central Asia Exhibition” kompaniyasi menejeri Frenk San. – Bugungi kunda Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, xususan, xorijiy biznes hamkorlarga yaratilayotgan qulay sharoitlardan yaxshi xabardormiz. Mazkur koʻrgazma hukumatlararo kelishuvlar samarasidir. Umid qilamizki, keng koʻlamli hamkorligimiz qisqa fursatda oʻz samaralarini berib, har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladi.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida V2V formatidagi muloqot ham oʻtkaziladi.
Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA