O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
13-14 sentabr kunlari Namanganda xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi bo‘lib o‘tadi
2019-09-13 | Sog‘liqni saqlash
Joriy yil 13-14-sentabr kunlari Namangan viloyatida “XXI asrda tibbiyot va farmatsevtikani rivojlantirishda investitsiya va innovatsiyaning roli” mavzusida xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi o‘tkaziladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Namangan viloyati hokimligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur forumda viloyat tibbiyoti va farmatsevtika sanoatining salohiyati namoyot etuvchi ko‘rgazma tashkil qilinadi.
Forumda Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya, Polsha, Ummon, Misr, Isroil, Singapur, Slovakiya, Malayziya, Ozarbayjon, Bolgariya, Eron, Saudiya Arabistoni, Ukraina kabi dunyoning 30dan ziyod davlatidan 150 nafar xorijiy kompaniyalar vakillari va olimlar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirning ochilish marosimi 13-sentabr kuni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Shirinlik” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tadi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov nutq so‘zlashi, shuningdek, qator xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari, sarmoyadorlari va mutaxassislari ma’ruzalar bilan chiqish qilishlari kutilmoqda.
Forum davomida beshta yo‘nalish - endokrinologiya, kardiologiya, jarrohlik, onalik va bolalik muhofazasi hamda farmatsevtika bo‘yicha sektsiya yig‘ilishlari tashkil etiladi.
Tadbir doirasida tibbiyot sohasida taniqli shifokorlar ishtirokida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat perinatal markazida va viloyat kardiologiya markazida hamda “Anamed” va “Oydin shifo” xususiy klinikalarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Yana bir muhim jihati, forum doirasida ko‘plab xorijiy tadbirkorlar bilan farmatsevtikaga oid memorandumlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Rossiyaning Ural davlat tibbiyot universiteti hamda Namangan davlat universiteti hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma tibbiyot fakultetining ochilish marosimi ham o‘tkaziladi.
Soha mutaxassislari va barcha qiziquvchilarni xalqaro forumga taklif etamiz.