O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xitoyning agrar sohadagi innovatsion tajribasini Oʼzbekistonga tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi
2019-09-11 | Innovatsiya
oriy yilning 10-sentyabr kuni “Qishloq xoʼjaligini isloh qilishda Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi va uni Oʼzbekiston Respublikasida qoʼllash imkoniyati” mavzusidagi oʼzbek-xitoy konferentsiyasi boʼlib oʼtdi. Tadbir Xitoyning ochiqlik islohotlari siyosati 40 yilligiga va Oʼzbekistonning Harakatlar strategiyasi doirasida yangilangan ichki va tashqi siyosatini ilgari surish tajribasiga bagʼishlangan.
Xalq vakillari umumxitoy majlisi Qishloq xoʼjaligi va qishloqlarda ishlash boʼyicha qoʼmitasi raisining oʼrinbosari Li Chunshen boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida boʼlgan mazkur tadbirga Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʼrinbosari Sodiq Safoev raislik qildi.
Konferentsiya ishida ishtirok etgan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Xitoyning iqtisodiy rivojlanish darajasi, ayniqsa, qishloq xoʼjaligi rivojlanishi darajasi dunyodagi yetakchi oʼrinlarni egallashini taʼkidlarkan, Xitoyning ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilishga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.
— Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan qishloq xoʼjaligi fanlari akademiyasi bilan ekinlarni ekish va parvarishlashning yangi zamonaviy usullarini joriy etish, qishloq xoʼjaligiga doir ilmiy texnologiyalar bilan oʼrtoqlashish borasida hamkorlik aloqalari oʼrnatilgan, – dedi vazir. – Shuningdek, Oʼzbekistonga dori substantsiyalari xorijdan olib kelinayotganini inobatga olib, ularni oʼzimizda ishlab chiqarish zaruriyati yuzaga keldi. XXR Fanlar Аkademiyasining Shanxay farmakologiya instituti hamkorligida “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida Xitoyning “Topharman & Vigonvita & CADDC-CASS” konsortsiumi bilan dorivor moddalarni sintez qilish boʼyicha Oʼzbekiston-Xitoy tibbiyot texnologik parkini tashkil etilmoqda.
Аgrar siyosat muammolarini xalqaro darajada muhokama qilish ushbu masalaning dolzarbligi va bu borada turli davlatlarning tajribalarini qoʼllash imkoniyatlari mavjudligidan dalolat berayotgani taʼkidlandi. Zero, oziq-ovqat xavfsizligi muhim strategik omillardan biridir.Qishloq xoʼjaligi Xitoy iqtisodiyotining salmoqli boʼgʼini ekanligi sabab ham Chin mamlakatining qishloq xoʼjaligi sohasidagi tajribasini oʼrganish va uni yurtimizda tatbiq etish oʼta muhim sanaladi. Xitoy agrar sohasida dehqonlarni qoʼllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Xitoy agrar sohani islohot etarkan, sohani tubdan oʼzgartirish emas, balki uning kamchiliklarini bartaraf etishga eʼtibor qaratdi. Bugunda Xitoyda dehqonlar koʼplab soliqlar ozod qilingan, ularga turli ehtiyojlari uchun davlat tomonidan subsidiyalar taqdim etiladi. Don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun minimal xarid narxlari siyosati yuritiladi, dotatsiyalar, kreditlar beriladi, begʼaraz yordam koʼrsatiladi. Shuningdek, qishloq xoʼjaligi faoliyati bilan shugʼullanadigan qishloq ahliga sugʼurta tizimi orqali bepul tibbiyot xizmatlari tashkil etilgan.
Konferentsiyada soʼzga chiqqanlar Xitoyning agrar sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati bu dehqonlarda mulkchilik tuygʼusini rivojlantirishga bogʼliqligini, shaxsiy manfaatdorlikni ragʼbatlantirish va shuningdek, dehqonlarning masʼuliyatini oshirishga qaratilganiga eʼtibor qaratdilar. Oʼzbekistonda ilgʼor tajribalarni joriy etish imkoniyatlari haqida soʼz yuritilar ekan, mamlakatimiz agrar sohada ulkan salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Soʼnggi yillarda qishloq xoʼjaligini tubdan isloh qilish, bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mahsulotni qayta ishlash tizimi va qoʼshilgan qiymat zanjirini yanada takomillashtirishda yutuqlarga erishilgani qayd etildi.
Konferentsiya davomida agrar sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qishloq xoʼjaligini innovatsion rivojlantirish XXR iqtisodiy siyosatining eng muhim vazifalaridan biri boʼlib qolayotgani taʼkidlandi. 40 yil davomida agrar sektor va qishloq hududlarini muvaffaqiyatli isloh qilish Xitoyni qishloq xoʼjaligi mahsulotlarining asosiy turlarini: yem-xashak ekinlari, chorvachilik, sabzavotchilik, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish boʼyicha jahon yetakchisiga aylantirdi.
Shuningdek, konferentsiyada suv xoʼjaligi faoliyati samaradorligini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Suv resurslarini cheklash muammosi Xitoy uchun ham, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Oʼzbekiston uchun ham dolzarbligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, Xitoy amaliyotida sinovdan oʼtgan samarali sugʼorish usullarini yurtimizda tatbiq etilishi masalalari ham muhokama etildi.
Konferentsiya yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi va qabul qilindi.