O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bandlikni ta'minlash milliy strategiyasi bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Forum o‘tkazildi
2019-09-11 | Jamiyat
2019-yil 10-sentabr Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan “O‘zbekistonda bandlikni ta'minlash milliy strategiyasi yo‘lida” nomli Forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlar bandligi sohasidagi hamkorlik” loyihasi rahbari Ramiro Pizarro, xalqaro ekspert Yanatul Islam, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rais o‘rinbosari Baxtiyor Maxmadaliyev, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi vakili F.Omonov, tegishli vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida turgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni samarali hal etish, shuningdek, aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida bandlik milliy strategiyasini ishlab chiqish borasidagi ishlar xususida soha mutaxassislari va xalqaro tajribaga ega ekspertlar bilan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.
Forum davomida xalqaro ekspert Yanatul Islam “Bandlikka yo‘naltirilgan makroiqtisodiy siyosat: O‘zbekiston misolida” taqdimoti bilan qatnashib, O‘zbekistonning mehnat bozoridagi holati va iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlilini keltirdi. Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov milliy bandlik strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha boshlangan ishlar haqida ma'ruza qilib, O‘zbekistonda mehnat sohasi bo‘yicha so‘nggi yillarda bajarilgan amaliy islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Forum yakunida “O‘zbekistonda munosib mehnat Davlat dasturini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasining bosh texnik maslahatchisi Anton Xauzenning xizmat muhlati yakunlangani munosabati bilan unga samarali hamkorlik uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan alohida minnatdorchilik bildirildi.