O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Ajoyib Xitoy, rang barang Oʻzbekiston” haftaligiga start berildi

2019-09-11 | Turizm

Soʻnggi ikki yilda Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasining turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari sezilarli darajada faollashdi. Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, mamlakatlar iqtisodiy farovonligini ragʻbatlantirish, turli sivilizatsiyalar oʻrtasida madaniy almushinuv va barcha sohalardagi aloqalarni mustahkamlash hamda tinchlik va barqaror taraqqiyotga doir yangi mexanizmlarni ishlab chiqishga chorlovchi “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi bunga yaqqol misol boʻla oladi.

10-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi  XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasi, XXR madaniyat va turizm vazirligi tomonidan “Ajoyib Xitoy, rang barang  Oʻzbekiston” haftaligiga start berildi. Haftalik davomida 20-sentabrga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida turli madaniy va turizm tadbirlari boʻlib oʻtadi. Jumladan, 10-sentabr kuni Toshkentdagi Hyatt va XXR turistik salohiyati taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston, Xitoy hamda Qozogʻiston turoperatorlari ishtirokida V2V uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov hamda XXR madaniyat va turizm vazirligining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Van Shulin ishtirok etishdi. “Xitoy Xalq Respublikasi hamda birodar Qozogʻiston bilan saʼy-harakatlarimizni birlashtiruvchi bunday tadbirlarning oʻtkazilishi mamlakatlarimiz oʻrtasida turistik aloqalarni yanada mustahkamlash yoʻlida xizmat qiladi. Yaqinda Bosh vazirimiz Xitoyga tashrif buyurganlarida ham Buyuk Ipak yoʻli boʻylab har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish hamda iqtisodiy rivojlanish diqqat markazida boʻldi.

Bugungi tadbirimiz ana shu tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomidir. Umid qilamizki, Oʻzbekiston, Qozogʻiston hamda Xitoy turoperatorlari ishtirokidagi uchrashuvlar natijasida turistik oqim koʻrsatkichlari yanada oshadi”, - dedi Abdulaziz Aqqulov tadbirni ochib berar ekan. Shuningdek Qoʻmita raisi soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hukumati tomonidan mamlakatda turizmni rivolantirish yoʻlida 50 dan ortiq normativ hujjatning qabul qilingani haqida soʻzlab, ular haqida atroflicha maʼlumot berdi.

XXR madaniyat va turizm vazirligining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Van Shulin xonim tadbirlardan maqsad Oʻzbekiston, Xitoy va Qozogʻiston turistik soha vakillari saʼy-harakatlarini birlashtirib, mamlakatlardagi turistik xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va sohada professional kadrlarni tayyorlashdan iborat ekanini taʼkidladi. Tadbir doirasida dastlab Xitoy, soʻngra Oʻzbekistonning turistik salohiyatini namoyish etuvchi videoroliklar namoyish etildi. Shundan soʻng ikki mamlakat turoperatorlarining taqdimotlari oʻtkazildi. Xitoyning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan turoperatorlar mamlakatlararo qoʻshma turlarni tashkil etish, Xitoydan Qozogʻiston hamda Oʻzbekistonga mustaqil ravishda avtomobilda sayr qilishga oid tashabbuslar bildirishdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi ekskursiyachi hamda gidlar faoliyatiga qiziqish bildirishdi. Xitoylik turoperatorlardan biri Oʻzbekistonga 6-sentabr kuni kelgani va shu kunlar ichida Toshkent, Samarqand hamda Buxoroda boʻlganini aytib, yurtimiz haqida fikr bildirdi: “Oʻzbekiston juda goʻzal va eng asosiysi, xavfsiz mamlakat ekanligiga shaxsan guvoh boʻldim. Shaharlardagi turistik politsiyalarning faoliyat yuritib, sayyohlar xavfsizligini taʼminlashi,  vizaning tezkor rasmiylashtirilishi va albatta, palov hamda somsa kabi mazali milliy taomlaringiz tahsinga loyiq”, - dedi u.

Buxoro turistik agentligi vakili Nargiza Bobonazarovaning taʼkidlashicha, tadbir ikki davlat turizmi uchun juda dolzarb ahamiyatga ega. “Ushbu tadbir barchamizga ham xalqaro hamjamiyatda, ham mamlakat ichida sohaga oid bilimlarni kengaytirish, turistlar oqimini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Umid qilamizki, mazkur tadbir doimiy ravishda oʻtkaziladi. Natijada odamlarimiz XXR hamda Qozogʻistonga erkin sayohat qilishadi va biz bunday oʻzgarishlarning boshida turganimizdan juda xursand boʻlamiz. Asosiysi, turizmning rivojlanishi Oʻzbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga olib keladi”, - deydi u.

Turagentning qoʻshimcha qilishicha, bunday tadbirlar kishilarning dunyoqarashi kengayishiga va Oʻzbekistonni dunyoda tanitishda katta ahamiyatga ega. “Yana bir diqqatga sazovor jihat – turizmning rivojlanishi mamlakatda chet tillarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishni kuchaytiradi. Ilgari aksariyat asosan faqat ingliz tilida soʻzlashishga qiziqqan boʻlsa, endilikda xitoy, koreys, yapon tillariga boʻlgan qiziqish ham ortib bormoqda”, - taʼkidlaydi mutaxassis. Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil may oyidagi Xitoyga tashrifi hamda tegishli hujjatlarning imzolanishi ikki mamlakatning turizm sohasidagi aloqalariga yangicha nafas bagʻishladi.

Xususan, mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda XXR turizm boʻyicha davlat boshqarmasi oʻrtasida 2017-2020-yillar uchun taraqqiyot dasturi imzolangan. “Ajoyib Xitoy, rang barang Oʻzbekiston” haftaligi doirasida 11-sentabr kuni “Le Grand de Plaza” mehmonxonasida mahalliy mutaxassislar uchun Xitoyning turistik zonalarni tasniflovchi eksperti tomonidan mahorat darsi oʻtkaziladi. 12-sentabrda esa “Ipak yoʻli” tibbiyot uskunalari koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Tadbir doirasida yurak-qon tomir kasalliklaridan jabrlanuvchi mahalliy aholi vakillari hamda mehmonlar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Shuningdek, haftalik davomida xitoy liboslari koʻrgazmalari, xitoy suvenirlarining xayriya sotuvlari, musiqiy dasturlar tashkil etilib, xitoy rangli chiroqlar installyatsiyasi oʻrnatiladi.

Поделиться