O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Reabilitologiya sohasida erishilgan yutuqlar, muammolar va istiqbolli rejalar
2019-09-11 | Sog‘liqni saqlash
Poytaxtimizda “Reabilitologiya: erishilgan yutuqlar, muammolar, istiqbollar – 2019” mavzuida birinchi milliy respublika konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda rossiyalik mutaxassislar koʻmagida tashkil qilindi.
Unda bemorlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha Rossiyaning eng soʻnggi raqamli kompyuterlashtirilgan tizimidan foydalangan holda Oʻzbekiston reabilitatsiya sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Ushbu tizim Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida “MedInvestGrupp“ kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonda mazkur ishlanmani nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yoʻnalishlari boʻyicha amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida soʻnggi yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish va uning tezkorligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Shu bilan birga, muammolar ham borligi aytildi.
Oʻzbekistonda har yili insult bilan kasallangan 46 mingga yaqin, bosh miya jarohatlaridan keyingi 13 mingga yaqin bemor reabilitatsiyaga ehtiyoj sezmoqda. Reabilitatsiya muolajalariga muhtoj 700 ming nogiron istiqomat qiladi. Ayni paytda, amaldagi reabilitatsiya markazlarining quvvati yiliga atigi 20 ming bemorga xizmat koʻrsatish bilan cheklanib qolgan. Shu bois, Prezidentimizning 2018-yil 30-avgustda qabul qilingan “Aholiga nevrologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ushbu sohada jahondagi eng yaxshi tajribani hisobga olgan holda, reabilitatsiya tizimini kompleks tarzda isloh qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shuningdek, reabilitatsiya jarayonida eng soʻnggi kompyuter, simulyatsion va robotlashtirilgan texnologiyalardan foydalanishga urgʻu berish zarur, degan toʻxtamga kelindi. Chunki, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etmasdan qisqa muddatda reabilitatsiyaga muhtoj boʻlgan bu qadar koʻp sonli bemorlarni davolash va hayotga qaytarish imkonsizdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari birinchi bosqichda xorijiy mutaxassislarning reabilitatsiya tizimini modernizatsiyalashga oid qator takliflarini koʻrib chiqdi. Ular orasida “MedInvestGrupp“ kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan ishlanma, ayniqsa, eʼtiborga molik topildi.
Ushbu yangi texnologiya foydalanish uchun mutlaqo tayyor loyiha sanaladi. U koʻp sonli bemorlarni tez va kam xarajatlar bilan samarali reabilitatsiya qilish jarayonini tashkillashtirish imkonini beradi. Loyihaning yana bir afzalligi – unda instruktorlarni tez oʻqitish imkoniyati mavjud. Mazkur tizimdagi ish jarayonida reabilitatsiya markazlaridagi anʼanaviy ish sxemasiga qaraganda uch baravar kam mutaxassis jalb qilinadi.
– Konferensiya oʻzbekistonlik mutaxassislar oldida turgan juda muhim muammolarni hal etishga qaratilgan – deydi K.Lyadov. – Konferensiyada biz butun dunyoda foydalaniladigan zamonaviy qoʻllanma va texnologiyalarni namoyish qildik. Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda tibbiyot neyroxirurgiya, kardiologiya, travmatologiya sohalarida sezilarli yutuqlarga erishdi. Bizning vazifamiz ularning qaysilarini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimiga kiritish maqbul ekanini birgalikda mulohaza qilishdir. Agar oldimizga bemorni mukammal darajada davolashni maqsad qilib qoʻygan boʻlsak, biz shunchaki jarrohlik amaliyotini oʻtkazish yoki faqatgina kasallikni davolash bilan chegaralanib qolmasdan, qanday qilib bemorni qayta tiklash – oʻz oilasiga, jamiyatga qaytishiga, bemalol mehnat qilishiga yordam berishni oʻylashimiz lozim. Biz taqdim etayotgan mazkur tizim ham bir qancha afzalliklarga ega. Shuningdek, bemorlar bilan ishlashda xodimlar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etishga ham yordam beradi. Bu instruktorlarni oʻqitish va qayta oʻqitish jarayoni toʻliq tashkillashtirish orqali taʼminlanadi. Bunda odatdagi reabilitatsiya tizimida mehnat qiladigan mutaxasssislarga qaraganda, ancha kam xodim talab etiladi. Xususan, yangi tizimda multidissiplinar brigadalar talab etilmaydi, chunki sunʼiy intellekt bemorlarning ahvolini baholaydi, har bir bemor uchun alohida davolash kursini tanlab beradi. Tibbiy hujjatlarni tahlil qilish jarayoni ham avtomatlashgan. Bemorni tiklash jarayoni esa rossiyalik mutaxassislar tomonidan yaratilgan va Rossiyada ishlab chiqarilgan maxsus kompyuterlashgan trenajyorlar toʻplami yordamida amalga oshiriladi.
Bemorlar uchun marshrutlarni belgilash boʻyicha ham maxsus dastur ishlab chiqilgan boʻlib, bu jadallashtirilgan reabilitatsiya dasturi va trenajyor vaqtidan samarali foydalanishni taʼminlaydi. Yaʼni taklif etilgan tizim bemorlarni reabilitatsiya qilish muammosini har tomonlama hal etish imkonini beradi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu raqamli ishlanmani nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yoʻnalishlari boʻyicha amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi bilan faol hamkorlik qilib kelayotgani ham ijobiy omillardan sanaladi. Rossiya eksport markazi ushbu loyihani moliyalashtirishda koʻmak berishga tayyor ekanini bildirgan. Bu bemorlarni tiklash boʻyicha amalga oshiriladigan davolash koʻrsatkichlarini davlat darajasida yaxshilashi mumkin.
Konferensiyaning bosh vazifasi yurtimiz reabilitologlariga yangi ishlanmaning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni yetkazish, oʻzbekistonlik mutaxassislarning reabilitatsiya sohasidagi asosiy talablarini aniqlash hamda ushbu yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhini shakllantirishdan iborat. Shu maʼnoda, konferensiya bemorlar sogʻligʻini tiklashga qaratilgan davolash tizimidagi eng muhim yangiliklarni muhokama qilish va eng yangi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishish uchun oʻziga xos maydoncha boʻldi, deyish mumkin. Bu esa mamlakatimizda bemorlarni reabilitatsiya qilishga boʻlgan yondashuvni tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA