O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning 4 ta viloyatida paxtachilik sohasidagi yangi global dastur tajriba sifatida qo‘llaniladi
2019-09-09 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha federal vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida "Paxtachilik sanoatida barqaror rivojlanish va qo‘shilgan qiymatni oshirish" global dasturi ishga tushirildi. Poytaxtimizdagi Radisson Blu mehmonxonasida mazkur loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Vazirlikning Qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va ularning monitoringini yuritish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Mamajonov dasturni amalga oshirish orqali paxtani ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror ishlab chiqarish, shu jumladan, mamlakatda dastlabki qayta ishlash tizimining rivojlantirilishiga erishilishini qayd etdi. Shu maqsadda dastur paxta yetkazib berish zanjiri bo‘ylab strategik ittifoqlarni shakllantiradi va fermerlarga o‘z ishlab chiqarish tizimini takomillashtirishda yordam beruvchi sheriklarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Loyiha rahbari Floria Nittsenger o‘z taqdimotida asosiy e’tibor xalqaro barqarorlik standartlarini joriy etishda yordam beruvchi yetishtirish va qayta ishlash tizimlariga qaratilishini ta’kidladi. Dasturning tajriba amaliyoti Navoiy, Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlarida qo‘llanilib, O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ini xalqaro savdo tarmoqlariga (qayta) birlashtirish, paxta xom ashyosini yetishtirishda ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy barqarorlik mezonlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini kuchaytirish, barqaror paxta sanoati cohasida global tajriba almashinuvini kuchaytirishga qaratilgan.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bugungi kunda dunyoning 120 mamlakatida faoliyat yuritib, O‘zbekistonda 1992 yildan buyon turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.