O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Horwath HTL Oʻzbekiston turizm bozorini tahlil qilishga yordam beradi
2019-09-07 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Fransiyaga tashrifi doirasida Horwath HTL (Hotel, Tourism and Leisure) kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Filipp Doyzelet va maslahatchisi Anastasiya Boyeva bilan uchrashdi. Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi koʻmagi ostida tashkil etilgan uchrashuv Oʻzbekiston turizm bozori tahlilini amalga oshirish hamda mehmonxonalar qurish mavzusiga bagʻishlandi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan turistlar soni jadal oʻsib borayotgani sabab mamlakat turizm bozorida mavjud infratuzilmalar tahlilini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu bois Abdulaziz Aqqulov Horwath HTL vakillari bilan Oʻzbekistonning qaysi viloyat va shaharlarida bu borada kamchiliklar mavjudligi, qaysilarida qurilishlar muvozanatli ravishda amalga oshirilmayotgani, qaysi hududlarda koʻproq joylashuv vositalari qurish kerakligi, ularning qaysi toifaga mansub boʻlishi kabi muhim masalalarni muhokama qildi.
Horwath HTL mamlakat turizm bozorining kutilayotgan qamrovidan kelib chiqqan holda, aniq strategiya tuzib beradi. Investorlarni Oʻzbekistonga jalb etishda aynan shu xulosalarning ahamiyati katta boʻladi. Sarmoyadorlar shunday baho beruvchi kompaniyalar tahlilidan kelib chiqib, biror joyga pul tikish yo tikmaslikka doir qarorga kelishadi.
Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, ularning tahlili asosida Oʻzbekistonda turli toifa mehmonxonalarni jalb qilishga ham yordam beriladi.
Taʼkidlash joizki, Horwath HTL – dunyoning mehmonxona biznesi boʻyicha eng yirik konsalting agentliklaridan biri. Kompaniyaga 1915-yilda AQSHda asos solingan. Bugunga kelib Horwath HTL butun dunyo boʻylab 50 dan ortiq ofisga ega. Agentlik mehmonxona konsaltingining toʻliq paketini taklif qiladi. Kompaniya xizmatlar sohasi mehmonxona developmentida konsultatsiya berish, mehmonxona biznesi rivojini hududlar kesimida baholash, mehmonxonalar qurish uchun pudratchi tanlash, reklama kampaniyalarini oʻtkazishda xarajatlarni tahlil qilish, mehmonxonaga investitsiyalar kiritish kabilarni oʻz ichiga oladi.