Joriy yilning 1-oktabridan boshlab “Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonuni kuchga kiradi. Qonunchilik palatasi 2019-yil 16-aprelda qabul qilgan qonunni Senat 21-iyunda tasdiqlagan.
Unga koʻra, shaxsiy maʼlumotlar elektron, qogʻoz va (yoki) boshqa moddiy vositalarda qayd etilgan, muayyan shaxsga tegishli yoki uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beruvchi maʼlumotdir. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat personallashtirish markazi shaxsiy maʼlumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilangan edi.
Qonun kuchga kirgandan soʻng (yaʼni 2019-yil 1-oktabridan boshlab), barcha shaxsiy maʼlumotlar bazalari egalari va operatorlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlarini dastlab ulardan rozilik olgan holda saqlash va qayta ishlashlari hamda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha zaruriy huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni koʻrishlari lozim boʻladi.
Bular haqida qonunning maqsad, undagi asosiy tushunchalar, shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashda ishtirok etuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlariga bagʻishlangan seminarda alohida qayd etildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori oʻrinbosari Alisher Tolipov ishtirok etdi va barcha savollarga javob berdi.