O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari milliy reytingi eʼlon qilindi

2019-09-07 | Ta’lim

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018 yil 5 sentyabrdagi PF-5538 sonli farmoni bilan Davlat inspeksiyasiga umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini aniqlovchi reyting indikatorlarini tuzish hamda tasdiqlash, 2019-yil 1-yanvardan boshlab tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini tuzish, reyting yakunlarini ommaviy axborot vositalarida, Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi oʻquv yili boshlanishidan kechiktirmay eʼlon qilish vazifasi yuklatilgan.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat inspeksiyasida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida taʼlim sifatining holatini xarakterlovchi reyting indikatorlari ishlab chiqildi va Xalq taʼlimi vazirligining masʼul xodimlari hamda tizimda faoliyat olib borayotgan tajribali rahbar va mutaxassis-kadrlarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzilib indikatorlar va baholash mezonlari muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida xorijiy tajribalar tahlil qilinib, xorijiy davlatlarda maktablar reytingi aksariyat holatlarda xalqaro bilimni baholash tadqiqotlari natijalariga bogʻlanganligi aniqlandi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi navbatdagi xalqaro PISA (15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha xalqaro dastur) va PIRLS (boshlangʻich sinf oʻquvchilarining matnni oʻqish darajasi va sifatini baholash) baholash tadqiqotida 2021-yilda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ushbu tadqiqotlarda qatnashish bilan bogʻliq moliyaviy harajatlar Taʼlim inspeksiyasi va Jahon banki oʻrtasidagi loyiha doirasida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, bir qator mamlakatlarda, xususan AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Kanadada maktablar reytingini baholash tashqi baholovchilar tomonidan amalga oshiriladi. Jumladan,

Kanadada Freyzer Instituti deb nomlangan mustaqil taʼlim va tadqiqot tashkiloti 1998-yildan buyon maktablar reytingini aniqlash bilan shugʻullanadi. Reytingda asosiy mezon - ingliz tili va boshqa umumtaʼlim fanlaridan oʻtkaziladigan test natijalari.

AQSHda 2006-yildan Claarware LLC xususiy kompaniyasi tomonidan maktablar reyting aniqlanadi. Asosiy mezon - ingliz tili va matematika fanlaridan oʻtkaziladigan test natijalari.

Rossiya Federatsiyasida 2002-yildan buyon faoliyat olib borayotgan Rosobrnadzor davlat tashkiloti, yagona davlat imtihoni (YEGE) natijalari asosida maktablar reytingini tuzadi, asosiy mezon umumtaʼlim fanlari boʻyicha oʻquvchilar bilim darajasi

Ukrainada 2002-yildan bu faoliyat boshlangan. Ukraina Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan Taʼlim sifatini baholash markazi tomonidan amalga oshiriladi. Butun mamlakat boʻylab bir vaqtda oʻtkaziladigan yozma test natijalari asosiy mezon hisoblanadi. Ukraina tili, matematika va boshqa umumtaʼlim fanlari boʻyicha test natijalari maktablar reytingi uchun mezon qilib olingan.

Mahalliy va xalqaro tajribalar, hamda mutaxassislarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, Davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrta taʼlim maktablarining reytingini aniqlash mezonlari shakllantirildi, ushbu mezonlar 4 ta koʻrsatkich asosidan ishlab chiqildi, bular:

- bitiruvchi oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tayyorgarlik darajasi va sifat koʻrsatkichi;

- 9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasi;

- oliy va birinchi toifali oʻquvchilar ulushi;

- umumtaʼlim muassasasining oʻquvchilari va pedagog jamoasi oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnoma natijalari.

Taklif etilayotgan reyting indikatorlarida jami natijaning 
50 foizi bilim darajasiga bogʻliq boʻladi.

Maktablar faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimining joriy qilishdan asosiy maqsad, Respublika boʻyicha oʻquvchilar bilimini baholashni OECD (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) va IEA (Taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assosatsiyasi) kabi nufuzli tashkilotlarning PISA (15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha xalqaro dastur), TIMSS (4 va 8-sinf oʻquvchilarining matematika va tabiiy fanlar boʻyicha savodxonligini baholash) PIRLS (boshlangʻich sinf oʻquvchilarining matnni oʻqish darajasi va sifatini baholash) oʻquvchilar bilimini baholash dasturlari darajasiga olib chiqishda taʼlim muassasalariga koʻmaklashishdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligining qoʻshma qaror bilan tasdiqlanayotgan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom” loyihasi joriy yilning 20-oktyabrida umumxalq muhokamasiga (regulation.gov.uz) qoʻyildi.

Muhokama jarayonida 10 dan ortiq takliflar berildi va ular oʻrganib chiqilib, maktablar faoliyatini reyting indikatorlari asosida baholash mezonini tasdiqlash uchun qoʻshma qaror loyihasi yakuniy holatiga keltirildi. Qoʻshma qaror loyihasi Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi bilan kelishilib imzolandi va 2018-yil 29 dekabrda 3112-raqam bilan Adliya vazirligida rasmiy roʻyxatdan oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligining 2018 yil 17 dekabrdagi 9-mh va 14-mh-son “Umumtaʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2019 yil 8-19 aprel kunlari Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 956 ta umumtaʼlim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazildi.

Nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnomalarni toʻliq shaffof va sifatli oʻtishini taʼminlash uchun jami 57 ta ishchi guruh tuzilib, uning tarkibida 200 nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat olib bordi. Jarayonda Davlat inspeksiyasi xodimlari, inspeksiyaning hududlardagi boʻlimlari, OTMlarning taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimlari, Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tuman va shaharlardagi xalq taʼlimi boʻlimlari va OTMlar qoshidagi akademik litseylarning ona tili oʻqituvchilari qatnashdilar.

Umumtaʼlim muassasalarida ishchi guruhlar tomonidan 1 tadan 9-sinf qurʼa tashlash orqali tanlab olindi va oʻquvchilar ona tilidan diktant va matematikadan yozma ish topshirdilar. Respublika boʻyicha 956 ta maktabdan jami 25277 nafar oʻquvchilar jalb qilingan boʻlib, shundan 24984 nafar (98,8%) sinovlarda qatnashdi, 89 nafar oʻquvchi sababli va 204 nafari sababsiz qatnashmadi.

Oʻquvchilar yozgan diktantlar mutaxassis-ekspertlar tomonidan shu kunning oʻzida tekshirilib baholandi va natijasi haqida dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Matematika boʻyicha yozma ishlarning javoblari kodlangan maxsus javoblar varaqlariga tegishli doirachalarni boʻyash orqali belgilandi va tekshirib baholash uchun Davlat inspeksiyasiga olib kelindi. Shuningdek, pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini oʻrganish hamda umumtaʼlim muassasasida pedagog xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va oʻqitish muhiti holati haqida oʻquvchilar va oʻqituvchilar orasida ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etishda taʼlim muassasalariga koʻmaklashish maqsadida, maktablarda 15-16 yosh oʻquvchilar bilan (PISA) xalqaro baholash dasturi darajasiga yaqinlashtirilgan savollar doirasida mashqlar bajarildi.

Qabul qilingan indikatorlar asosida Respublika boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan 10 foiz (jami 956 ta) umumiy oʻrta taʼlim muassasalariningfaoliyati tahlil qilindi va 2019-yil 1-iyul holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:

Maʼlumot uchun: Joriy yilda reytingga jalb qilinadigan umumtaʼlim muassasalari roʻyxati ularning umumiy soniga nisbatan 10 foiz miqdorda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan shakllantirildi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlandi.

Eng yuqori oʻrinlarni egallagan Top-20 talikka Xorazmdan 7 ta, Namangandan 4 ta, Fargʻonadan 4 ta, Buxorodan 2 tadan, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.

Eng pastki oʻrinlarni egallagan Top-20 talikka Samarqanddan 10 ta, Toshkent viloyatidan 6 ta, Qashqadaryodan 2 ta, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.

Hududlar reytingida eng yuqori oʻrinlarni Namangan, Xorazm va Navoiy viloyatlari egallagan boʻlsa, quyi oʻrinlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Toshkent viloyatlari qayd etildi.

Tumanlar (va shaharlar) reytingida quyidagi holat kuzatildi:

Namangan viloyatida Namangan, Pop, Uychi tumanlari; Navoiyda Qiziltepa, Uchquduq va Navbahor; Fargʻonada Oʻzbekiston, Dangʻara va Rishton; Andijonda Buloqboshi, Marxamat, Jalaquduq; Buxoroda Gʻijduvon, Jondor va Qorovulbozor;Qoraqalpogʻiston Respublikasida Qoraoʻzak, Ellikqalʼa va Toʻrtkoʻl; Toshkent shahrida Sergeli, Mirobod va Mirzo Ulugʻbek; Qashqadaryoda Shahrisabz shahri, Kitob va Koson tumani; Sirdaryoda Sardoba, Shirin shahri va Mirzaobod; Xorazmda Gurlan, Shovot va Yangibozor; Surxondaryoda Sariosiyo, Boysun tumanlari va Termiz shahri; Samarqandda Kattaqoʻrgʻon shahar, Ishtixon va Narpay; Jizzaxda Yangiobod, Paxtakor, Sh.Rashidov; Toshkent viloyatida Piskent tumani, Chirchiq va Bekobod shaharlari maktablari peshqadam boʻldilar.

9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan nazorat ishlarida jami 25188 nafar oʻquvchi qatnashdi va ularning 73,1%i ona tilidan diktantdan va 48,2%i matematikadan yozma ishdan ijobiy baholandi.

Diktant boʻyicha eng yuqori natijalar Navoiy, Buxoro, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etildi.

Matematikadan yozma ish boʻyicha eng yuqori natijalar Xorazm, Navoiy, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qayd etildi.

Oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi buyicha yuqori oʻrinlarda Xorazm va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahri boʻlsa, quyi oʻrinlarda Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari maktablari aniqlandi.

Maktab oʻqituvchilari jamoasi bilan oʻtkazilgan soʻrovnomada jami 38400 nafar pedagog xodimlar qatnashdi.

Quyida ayrim savollardan misollar keltiramiz: oʻqituvchilarga “Sizning maktabingizda “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimi” (VMning 275-qarori, 25.12.2005.) qanchalik shaffof amalga oshirilmoqda?” degan savolga 21,2 foiz oʻqituvchi bu ishda shaffoflik yoʻqligini, 15 foizi bu ishga “qabilachilik” aralashganini va 16,7 foizi bunda maktab direktorining manfaati borligini qayd etishgan.

Oʻqituvchilarga oʻz ishiga qanday munosabatda ekanligini bilish uchun berilgan: “Agar yana bir tanlash imkoniyati berilsa, yana oʻqituvchi boʻlarmidingiz” degan savolga 10 foizi “Oʻqituvchi bulmasdim” deb javob berishgan. 8,5 foizi oʻqituvchi “Agar iloji boʻlsa, boshqa maktabga oʻtmoqchiman”, 16,5 foizi “Oʻqituvchi boʻlganimdan afsusdaman” degan fikrlarni bildirishgan.

Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sogʻlom raqobat muhitni shakllantirish, maktablarda taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni barataraf qilish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Maktab reytingiga oid batafsil maʼlumotni http://reyting.tdi.uz/ maktab boʻlimidan olishingiz mumkin.

Поделиться