O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Dermatovenerologiya va estetik tibbiyotning dolzarb muammolari

2019-09-07 | Sog‘liqni saqlash

Poytaxtimizda dermatovenerologiya va estetik tibbiyotning dolzarb muammolariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazilmoqda. Unda AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Belarus, Gruziya, Qozogʻistondan kelgan ellikka yaqin olimlar ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida ming nafardan koʻproq malakali dermatovenerolog shifokor aholiga tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi bu yoʻnalishda yetakchi tibbiy ilmiy muassasa sifatida ilm-fan va tibbiyot amaliyoti rivojiga munosib ulush qoʻshib kelayotir.
 
Markazda yuzdan ziyod yetuk olim, malakali shifokor diagnostika va davolash ishlari bilan bir qatorda jahon tibbiyotining dolzarb masalalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boradi. Keyingi yillarda olimlarimizning bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlari natijasida yaratilgan bir qator yangi usullar tibbiyot amaliyotiga tatbiq etilganini kuzatish mumkin. Jumladan, psoriaz kasalligining antitsitonik davosi, teri leyshmanioz kasalligining kompleks davosi, surunkali idiopatik kaposhi sarkomasini prognozlashning yangi usullari bunga misoldir.
 
Ilmiy izlanishlar natijasida bir qator samarali dori vositalari ham yaratildi. Atopik dermatit va husnbuzar kasalligini davolashning yangicha usuli uchun patent olindi. Markaz olimlari geno va onkodermatozlar muammolari, terining zamburugʻli va virusli kasalliklari, jinsiy yoʻl bilan yuquvchi yangi kasallik turlarini aniqlash boʻyicha jahon tibbiyotining noyob texnologiyasi – melanotsitar transplantatsiyadan samarali foydalanyapti.
 
Ayni paytda markaz olimlari tibbiyotimizning bunday yutuqlarini yanada kengaytirish maqsadida xorijdagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan ilmiy-amaliy aloqalarni rivojlantirmoqda. Xususan, Rossiya, AQSH, Belarus, Qozogʻiston, Ozarbayjon va boshqa davlatlardagi tibbiyot muassasalari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda jahon tibbiyotining dolzarb muammolariga oid ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
 
– Dermatovenerologiya yoʻnalishida ixtisoslashgan tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish maqsadida hududiy teri-tanosil kasalliklari dispanserlarida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari ham amalga oshirilayapti, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Ilhom Rahimov. – Bugungi kungacha Andijon, Samarqand, Namangan viloyati va Toshkent shahar teri-tanosil kasalliklari dispanserlari kapital taʼmirlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Buxoro, Andijon, Toshkent viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanserlari zamonaviy tibbiy diagnostika jihozlari bilan jihozlandi. Mazkur hududiy dispanserlarda dermatovenerologiya sohasiga oid yangi texnologiyalar va ilm-fan yangiliklari targʻibotiga oid mahorat darslari, ilmiy-amaliy seminarlar muntazam oʻtkazib kelinadi. Bunday izlanishlar natijasida bir qator teri kasalliklarini, tugʻma yoki orttirilgan nuqsonlarni davolashning yangicha usullari hududiy shifoxonalar amaliyotiga ham keng tatbiq etildi.
 
Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda mamlakatimiz tibbiyoti va jahon ilm-fani erishayotgan ana shunday muhim yutuqlar tahlil etilib, dermatovenerologiyaning turli yoʻnalishlarida yaratilayotgan yangicha uslublar, sohadagi dolzarb muammolarga oid ilmiy maʼruzalar tinglanmoqda. Shuningdek, kosmetologiya sohasidagi yangiliklar namoyish qilinib, dermatovenerologiya va kosmetologiya boʻyicha mahorat darslari va koʻrgazmali seminarlar tashkil etilmoqda.
 
Anjuman doirasida farmatsevtika va kosmetologiya kompaniyalari, test-tizimi ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar, tibbiy va laboratoriya jihozlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
 
Mohigul QOSIMOVA, Farhod ABDURASULOV (surat), OʻzA

Поделиться