O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parijda Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan biznes forum boʻlib oʻtdi
2019-09-06 | Turizm
5-sentabr kuni Parij shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasida mamlakatimiz turizm salohiyatiga bagʻishlangan biznes forum oʻtkazildi. Biznes-forum “MEDEF International” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston tomondan Investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Sunnatilla Bekenov, Turizm davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov, Oʻzbekistonning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev hamda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashishdi. Fransiya tomondan esa “MEDEF International” raisi Kristof Fonteyn assotsiatsiya vakillari hamda unga aʼzo kompaniyalarning rahbarlari va vakillari ishtirok etishdi.
Forumda Fransiya konsorsiumi bilan hamkorlikda tayyorlangan Chorvoq turizm zonasi yangi bosh rejasi taqdim qilindi. Shu bilan birga,“Idealist” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Zomin tumanida Duoba turistik zonasi loyihasining bosh rejasi taqdimoti ham oʻtkazildi. Oʻzbekistonning turizm salohiyati taqdimoti Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov tomonidan oʻtkazildi. Tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekistondagi investitsiya imkoniyatlari, bozorning strategik yoʻnalishlari, jumladan, turizm sohasida investorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida yigʻilganlarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlash joizki, loyiha taqdimotlari Fransiya tadbirkorlarining Oʻzbekiston turizm salohiyatiga qiziqish, mavjud imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga katta qiziqish bildirishdi.
Biznes-forum yakuniga koʻra, Oʻzbekiston boʻyicha manzilli taklif loyihalari toʻliq tayyor boʻlgach, “MEDEF International” orqali fransiyalik investor va tadbirkorlarga taqdim etilishiga kelishildi. “MEDEF International” esa, oʻz navbatida, konsorsium bilan birgalikda Fransiyada Oʻzbekiston turizmiga oid targʻibot ishlarini davom ettirishi hamda investorlarga axborot-tashkiliy masalalarda koʻmak berishiga doir kelishuvga erishildi.
Fransiya Korxonalari Harakati (MEDEF) – nodavlat xususiy tashkilot boʻlib, Fransiya biznes doiralarining eng yirik vakili hisoblanadi. U Fransiyaning turli sohalarda faoliyat yurituvchi 800 korxonasini birlashtiradi. MEDEF – Fransiya hukumatining eng ilgʻor va eʼtirof etilgan hamkori boʻlib, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy muzokaralarda ishtirok etadi.