O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʼzbekiston–Belarus: ikki tomonlama ilmiy-texnik va innovatsion sohadagi hamkorlik istiqbollari

2019-09-06 | Fan

Oʼtgan ikki yil mobaynida Oʼzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi Davlat rahbarlarining oliy darajadagi samarali muzokaralari ikki mamlakat oʼrtasidagi koʼp qirrali hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichga koʼtarish va aniq natijalarni qoʼlga kiritish imkonini bermoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi Hukumatlari oʼrtasida 2018-yil 13-sentabrda imzolangan fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisidagi bitimga asosan ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlik aloqalari ham izchil rivojlantirilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar boʼyicha davlat qoʼmitasi oʼrtasida ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlik boʼyicha erishilgan kelishuvlar doirasida hozirgi kunda umumiy qiymati 7,4 mlrd. soʼmlik 15 ta “Oʼzbekiston-Belarus” qoʼshma ilmiy-texnik loyihalari bajarilmoqda. Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida 2 ta zamonaviy qoʼshma ilmiy laboratoriya tashkil etilmoqda.

Tanlov asosida saralab olingan 10 nafar yosh olimlarni joriy yilning sentyabr oyidan boshlab Belarus Respublikasining nufuzli ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari aspiranturasida taʼlim olishlarini tashkil etish yuzasidan barcha tashkiliy-moliyaviy masalalar hal etildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki va Belarus Respublikasining “Politexnik” ilmiy-texnologik parki hamda “Unitexprom” oʼquv-ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi oʼrtasida imzolangan kelishuvlar doirasida ushbu innovatsion tuzilmalar bilan “Yashnobod” innovatsion texnoparki izchil hamkorlik aloqalarini oʼrnatdi, xususan joriy yilning iyul oyida texnoparkning 2 nafar mutaxassislari malaka oshirib qaytdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mamlakatimizning nufuzli ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyat bilan shugʼullanayotgan 95 nafar yosh olimlar qisqa mudddatli (2 oygacha) ilmiy stajirovka oʼtash uchun, 24 nafardan iborat oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektorlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosarlari innovatsion faoliyatni boshqarish va tijoratlashtirish amaliyoti boʼyicha malaka oshirish uchun (2 haftaga) Belarus Respublikasining Milliy fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari hamda ushbu mamlakatning 16 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasalariga yuborildi.

Ilmiy stajirovka dasturiga muvofiq:

29 nafar yosh olimlar Belarus Respublikasining Milliy fanlar akademiyasining ilmiy muassasalarida yangi energiya tejamkor texnologiyalar, yerni masofadan zondlash aerokosmik materiallaridan foydalanish usullari va geoaxborot tizimlari (GIS) texnologiyalari, probiotik preparatlar olish usullari, fitokimyo korxonalarining sanoat chiqindilaridan biologik va fiziologik faol biopolimerlarni ajratish, onkologik kasalliklarga qarshi selen nanozarrali preparatlarni olish texnologiyalarini oʼzlashtirmoqda;

15 nafar yosh olimlar Belarus davlat universitetida zamonaviy biotexnologiyalar va fizik-kimyoviy texnologiyalar, xom ashyoni sanoat usulida qayta ishlash texnologiyalarini oʼzlashtirmoqda hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy ilmiy asbob-uskunalarda ishlash usullarini oʼrganmoqda;

31 nafar yosh olimlar Belarus tibbiyot akademiyasi
va ixtisoslashtirilgan tibbiyot ilmiy-amaliy markazlaridazamonaviy tibbiy diagnostika usullari, yuqori texnologiyalarga (xujayra, kvant va raqamli texnologiyalar) asoslangan jarrohlik amaliyotini oʼzlashtirish, immunobiologiya boʼyicha ilgʼor tajribalarni mahalliy amaliyotga joriy etish ustida ishlamoqda;

15 nafar yosh olimlar Belarus Milliy texnika universitetida zamonaviy lazer texnologiyalari, biotexnologiyalar, samarador keramik materiallar olish texnologiyasi, energo va resurstejamkor texnologiyalarni yaratish usullarini oʼzlashtirish ustida ishlamoqda;

4 nafar yosh olimlar Belarus davlat texnologiya universiteti, innovatsiya markazlari va ilmiy-texnologik parklarda nanomateriallar va nanotexnologiyalar, yuqori qoʼshilgan qiymatli yangi turdagi innovatsion qurilish materiallarini ishlab chiqarish texnologiyalari, kompozit va smart-materiallar olish, IT-texnologiyalar, 3D-texnologiyalarni oʼrganish boʼyicha stajirovka oʼtamoqda.

Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektorlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosarlari joriy yilning 22 iyul – 5-avgust kunlari Belarus Respublikasining ilmiy-innovatsion tashkilotlari, nufuzli oliy taʼlim muassasalari, yirik sanoat korxonalari, yangi tashkil etilgan zamonaviy innovatsion tuzilmalar – “Velikiy kamen” (Great Stone Industrial Park) maxsus iqtisodiy zonasi, IT-biznes sohasida maxsus soliq-huquqiy rejimga ega boʼlgan Yuqori texnologiyalar parkida (Park vsokix texnologiy) innovatsion faoliyatni boshqarish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish, joriy etish va tijoratlashtirish boʼyicha ilgʼor tajribalar bilan tanishdilar va ikki tomonlama oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari hamda prorektorlar va direktor oʼrinbosarlarining malaka oshirishlari yakunlari boʼyicha quyidagi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:

birinchi, qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborilgan 95 nafar yosh olimlar tomonidan oʼzlashtirilgan kamida bittadan yuqori texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni mahalliy sharoitlarda yaratish usullari boʼyicha alohida “Yoʼl xarita”larini tasdiqlash va amalga oshirilishini taʼminlash;

ikkinchi, yuqori samarador innovatsion texnologiyalarni yaratishga qaratilgan istiqbolli ilmiy yoʼnalishlar (mavzular) boʼyicha Belarus Respublikasining ilmiy-innovatsion tashkilotlari va nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan qoʼshma ilmiy-texnik loyihalarni tanlovini eʼlon qilish;

uchinchi, Belarus Respublikasining innovatsion faoliyatni boshqarish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish, joriy etish va tijoratlashtirish boʼyicha ilgʼor tajribalarini tatbiq etish maqsadida prorektorlar va direktor oʼrinbosarlari tomonidan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarida maxsus seminarlar tashkil etish;

toʼrtinchi, Belarus Respublikasining yuqori ilmiy-innovatsion salohiyatidan foydalangan holda Belarus Respublikasining Milliy fanlar akademiyasi va Belarus davlat texnologiya universiteti bilan hamkorlikda yuqori qoʼshilgan qiymatga ega yangi qurilish materiallari ishlab chiqarishga ilmiy-tadqiqotlar natijalarini va innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish boʼyicha xalqaro ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish;

beshinchi, Belarus Respublikasining “In Data Labs” kompaniyasi bilan hamkorlikda sunʼiy intellektni rivojlantirish boʼyicha ilgʼor tajribalar asosida katta hajmdagi maʼlumotlar bazalarini chuqur tahlil qilish asosida eng maqbul innovatsion yechimlarni manfaatdor tadbirkorlik subʼektlariga taklif qilib borish imkonini beruvchi elektron platforma yaratish.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Belarus Respublikasining ilgʼor innovatsion texnologiyalarini joriy etish yuzasidan tegishli tashkiliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, mavjud yer, suv resurslari va sugʼorish tizimlarini baholash hamda ehtimoldagi risklarni aniqlash asosida tuproq unumdorligini oshirish boʼyicha “The MeT (the Methodology and Technology)” startap loyihasi ishlab chiqildi.

Taʼkidlash joizki, yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkil etish borasidagi ishlarni bundan keyin ham davom ettiradi. Shu jihatdan, Innovatsion rivojlanish vazirligi Qoraqalpogʼiston Respublikasida ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonini jadallashtirish choralarini koʼrmoqda.

Yaqinda vazirlik tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh Qoraqalpogʼiston Respublikasida boʼlib, 20 nafar yosh olimlarni Belarus Respublikasidagi nufuzli oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy stajirovka oʼtash uchun tanlab oldi. Endi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Аjiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʼiston boʼlimi ilmiy-tadqiqot institutlarining yosh olimlari joriy yil sentyabr – oktyabr oylarida Belarusda qisqa muddatli ilmiy stajirovka oʼtaydi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mazkur yoʼnalishdagi ishlar natijadorligini oshirish yuzasidan tegishli tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuhrat OTАJONOV,
Innovatsion rivojlanish vazirligi
Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni
rivojlantirish boshqarmasi boshligʼi.

Поделиться