O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Iqtidorli sportchilar uchun tajribali murabbiylar zarur

2019-09-05 | Sport

Prezidentimiz raisligida 4-sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, berilgan topshiriqlar bizga muhim dastur bo‘ldi. 

Bu yo‘nalishlarda erishgan natijalarimizdan quvonamiz, davlatimiz rahbari ta’kidlagan ba’zi masalalarga jiddiy e’tibor qaratsak, ularni o‘z vaqtida hal qilsak yutuqlarimiz yanada zalvorli bo‘ladi.
 
Darhaqiqat, 2019-2023-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi hamda aholining jismoniy tayyorgarligini belgilovchi bir qator loyihalarni o‘tkazish tizimi joriy etilgani Sirdaryo viloyatida sport sohasining yanada ommalashishida muhim ahamiyat kasb etayotir.
 
Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan beshta muhim tashabbus hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatimizda joriy yilning o‘tgan davrida 4 ta sport ob’ekti foydalanishga topshirildi.
 
Ayni paytda viloyatning 13 nafar iqtidorli sportchilari 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun xalqaro musobaqalarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
 
Jumladan, akademik eshkak eshish sport turidan 8 nafar – Alisher Yarov, Anatoliy Krasnov, Shaxboz Abdujabborov, Luiza Islomova, Shahzod Abdurahmonov, Luiza Gafurbaeva, Mehroj Mamatqulov hamda Abduaziz Rahimjonovlar trenerlari Sergey Tyan qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rmoqda. 2 nafar erkin kurashchilar Maxsud Veysalov hamda Nigora Bakirovalar, 1 nafar yengil atletikachimiz Safina Sadullaeva yozgi Olimpiada o‘yinlariga, yengil atletikachi Natalya Semyonova XVI Paralimpiya o‘yinlariga beriladigan yo‘llanma uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda.
 
Paralimpiya bo‘yicha sportchilarimiz Server Ibragimov to‘pponchadan o‘q otish bo‘yicha respublikada birinchilar qatorida yo‘llanmaga ega bo‘lib, kelgusi yil Yaponiyada o‘tadigan XVI paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
 
Nafaqat yo‘llanmani qo‘lga kiritgan va litsenziya uchun kurash olib borayotgan, balki Xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, g‘alabalari sharifiga Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz Jahon sport arenalarida baland hilpiragan sirdaryolik sportchilarning oilasidan muntazam xabar olib turilibdi. Muammolari o‘rganilib, “Yo‘l xaritasi”ga asosan zarur choralar ko‘rilmoqda.
 
Bu sportchilarimizning ustozlari nazoratida alohida shug‘ullanishlari va o‘z ustida ishlari uchun mashg‘ul bo‘layotgan sport turlaridan kelib chiqib, sport zallari, maydonlari ajratilgan. 
 
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan sportchilarning o‘quv yig‘ini mashg‘ulotlari va musobaqalarda ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
 
O‘tgan yilgi Osiyo o‘yinlari va para Osiyo o‘yinlarida viloyatdan 4 nafar sportchi ishtirok etib, 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani biz uchun faxr. 2018 yilda sirdaryolik sportchilar turli xalqaro va mamlakat musobaqalarida ishtirok etib, jami 944 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 228 tasi oltin, 283 tasi kumush va 433 tasi bronza medallaridir. Joriy yilning o‘tgan davrida esa Jahon, Osiyo va mamlakat miqyosdagi turli sport musobaqalarida 428 ta, jumladan, 84 ta oltin, 118 ta kumush va 226 ta bronza medali qo‘lga kiritildi.
 
Bu sportchilarimiz bilan shaxsan uchrashib, alohida suhbatlashdim. Ularning orzu-o‘ylari bilan qiziqdim, dardu tashvishlarini tingladim va ko‘zlaridagi olovni, qalblaridagi g‘alabaga bo‘lgan shijoatni ko‘rib, o‘zim ham ruhlandim.
 
Sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan 3 nafar sportchiga Guliston shahridan uy-joy va qolgan 10 nafariga viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari berildi. Yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan boshqa sportchilar ham munosib taqdirlandi.
 
Prezidentimizning beshta muhim tashabbusining ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish yuzasidan viloyatda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyatdagi 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 295 ming 5 nafar yoshlarning 30 foizi sport seksiyalariga jalb etildi. 
 
Viloyatda aholini ommaviy sportga ko‘proq jalb qilish maqsadida turli xil tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotir. Jumladan, “Yoshlar haftaligi” doirasida o‘tkazilgan 34 ta sport tadbirlarida jami 3 ming 740 nafar sportsevarlar ishtirok etdi. “Xotin-qizlar haftaligi” doirasida o‘tkazilgan 28 ta tadbirda esa 1 ming 680 nafar xotin-qiz qatnashdi.
 
Shuningdek, “Mahalla haftaligi” va “Nuroniylar haftaligi” doirasida o‘tkazilgan 32 ta tadbirda 2 ming 368 nafar sport ixlosmandlari qatnashdi. “Ta’lim haftaligi” doirasidagi sport musobaqalarida esa yoshlar faol ishtirok etdi.
 
Viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘z sport zallariga ega. Viloyatdagi 16 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari 1,5 milliard so‘mdan ziyod sport jihozlari bilan ta’minlandi.
 
Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng o‘z imkoniyat va sharoitlarimizni yana bir bor atroflicha o‘rganib, chamalab chiqdik.
 
Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga, barcha federatsiyalarga saralab olingan sportchilarni yaqin fursatlarda olimpiadaga yo‘llanma o‘ynaladigan musobaqalarga munosib tayyorlash va Olimpiadaga litsenziyani qo‘lga kiritishlari uchun yanada keng shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
Sirdaryoda yuksak iqtidorli sportchilar yetarli. Sharoitlarni ham yaratmoqdamiz. Lekin ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun yuqori darajadagi murabbiylar zarur. Ayni paytda olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritishga respublikada yetakchi bo‘lgan – akademik eshkak eshish, erkin kurash, boks, yengil atletika va o‘q otish sport turlari bo‘yicha sportchilarimizni tayyorlash uchun bizda jahon, Osiyo va turli xalqaro musobaqalarga yo‘llanmani qo‘lga kiritish talablari darajasida sportchilarimizni tayyorlay oladigan murabbiylar yetishmaydi. Buni tan olmay ilojimiz yo‘q.
 
Yuqorida ta’kidlangan sport turlari bo‘yicha respublika Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan vaqtincha bo‘lsa-da, o‘ta yuqori malakaga ega sport murabbiylari ajratilsa yaxshi bo‘lar edi.
 
G‘ofurjon MIRZAEV,
Sirdaryo viloyati hokimi.

Поделиться