O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Interface Tourism Group” Oʻzbekiston brendini Fransiyada targʻib qilishda yordam beradi
2019-09-05 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Fransiyaga tashrifi doirasida “Interface Tourism Group” prezidenti Gayel de La Porte hamda kompaniyani rivojlantirish boʻyicha direktori Juli Jeffroy bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston brendini dastlab Fransiyada, keyin esa Yevropa miqyosida targʻib qilish masalasini muhokama qilishdi. “Interface Tourism Group” 20 yildan buyon Fransiya bozorida faoliyat yuritib, piar bilan shugʻullanuvchi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Tomonlar Oʻzbekistonni qanday va qaysi yoʻnalishlarda targʻib qilish kerakligi borasida soʻz yuritishdi.
Tadbir yakuniga koʻra, Fransiya kompaniyasi Oʻzbekistonning oʻziga xos turistik salohiyatidan kelib chiqib, maksimal samara beruvchi takliflar berishiga kelishildi. Bunda mamlakatimizdagi turistik yoʻnalishlar, boy madaniy meros hamda fransiyalik turistlarning xohish-istaklari inobatga olinadigan boʻldi.
Shuningdek, “Interface Tourism Group” Oʻzbekiston boʻyicha maxsus materiallar tayyorlash, maqsadli ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish, turli turistik koʻngilochar teledasturlar va maqolalar tayyorlash kabilarni oʻz ichiga olgan keng qamrovli piar rejasini tuzib, Oʻzbekistonga taqdim etishiga kelishildi.