O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mudofaa vazirligidan yangicha an’ana: maktablarda yangi o‘quv yili harbiylar ishtirokida boshlandi
2019-09-05 | Ta’lim
Shu kungacha vazirlikning mas’ul ofitserlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga maktab anjomlari, darsliklar va turli-tuman sovg‘alar ulashishi an’anaga aylanib borayotgan bo‘lsa, bu yil ilk marotaba bir qator maktablardagi bilimlar kuni harbiy orkestr, kursantlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘tdi.
Jumladan, poytaxtimizdagi 221-umumta’lim maktabida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari birinchi qo‘ng‘iroq tantanalarining asosiy qahramonlariga aylandi. Kursantning zabardast yelkasiga suyangan jajji o‘quvchi chalgan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yuraklarda aks-sado berdi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 225-maktabda ham bilimlar kuni ana shunday yangi an’ana ssenariysi ostida tashkillashtirilib, 1-sinfga qabul qilingan 142 nafar o‘g‘il-qiz bu lahzalarni bir umrga yodlaridan chiqarmaydigan bo‘ldi. Negaki, harbiy orkestr davlatimiz madhiyasini ijro etishi, ko‘rkam harbiy kiyimdagi kursantlarning tantana sababchilarini yangi hayotga tashlangan ilk qadami bilan tabriklashi, bularning barcha-barchasi jajji o‘g‘il qizlarni bolalikning sehrli dunyosiga tushirib qo‘ygandi go‘yo.
121-maktabda davom etgan tantanada bolalikning sehrli dunyosidagi yangi sarguzashtlarni ko‘rgan bolajonlarning ko‘zlari quvonchdan charaqlashini so‘z bilan ifodalash qiyin. Ayniqsa, 1-sinfga qabul qilingan bolajonlarga dastlabki darsni ustozlar o‘rniga Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlarining o‘tishi ota-onalar uchun ham kutilmagan voqelik bo‘ldi.
Umuman olganda, bu yilgi birinchi qo‘ng‘iroq tantanalarida butun respublikamiz bo‘ylab Mudofaa vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan yangicha an’ana bayramga o‘ziga xos shukuh bag‘ishladi.