O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlikda JICA delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-09-05 | Ta’lim
O‘zbekistonning Yaponiya bilan oliy ta’lim sohasidagi hamkorligi qamrovi ancha keng. Bunga O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ko‘p qirrali munosabatlari yaqqol misol bo‘la oladi.
Joriy yil 4-sentabr kuni vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent davlat o‘zbek-yapon yoshlar innovatsiya Markazini hamkorlikda qo‘llab-quvvatlash, uning faoliyatini yana-da kengaytirish, uni yuqori texnologiyalarga asoslangan laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Markaz ilmiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida har yili magistraturada tahsil olish uchun Yaponiyaga yuborilayotgan texnik oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sonini oshirish, yaponiyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda markazda o‘tkaziladigan qisqa muddatlik seminarlar, treninglarni ko‘paytirish yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan yaponiyalik volonterlar va ayniqsa, texnika, muhandislik sohalari o‘qituvchilari sonining kamligi, respublikamizda Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasasining filialini ochish yoki qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash masalalari ham uchrashuv mavzusini tashkil qildi.
Muhokama qilingan masalalar ustida ishlash hamda har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.