O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston haj ibodatini yuqori darajada tashkil etgan beshta davlat roʻyxatidan joy oldi

2019-09-05 | Jamiyat

Bu yilgi haj mavsumida Oʻzbekiston hojilarga yaratilgan shart-sharoitlar boʻyicha muqaddas ibodatni yuqori darajada tashkil etadigan birinchi beshtalik davlatlar roʻyxatidan joy oldi. Bu Saudiya Arabistoni Haj vazirligi tomonidan ham alohida eʼtirof etildi. 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan “Haj – 2019” yakuni yuzasidan oʻtkazilgan brifingda shu haqda maʼlumot berildi. 

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov taʼkidlashicha, bu yil 7200 yurtdoshimiz haj safarida boʻlib qaytdi. Shundan 6 ming 970 nafari ziyoratchi, 230 nafari xizmat koʻrsatuvchi ishchi guruhlari aʼzolaridir. 

“Haj – 2019” mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hajga borish istagidagi fuqarolarni saralash boʻyicha suhbatlar oʻtkazildi. 

Bunda nomzodlarning Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk ajdodlarimizning hayoti va ilmiy merosidan xabardorligi, shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻinida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilashdagi faolligiga eʼtibor qaratildi. Nomzodlar haqida jamoatchilik fikri ham oʻrganildi. 

Suhbatlar yakuniga koʻra, respublika boʻyicha 6 ming 970 fuqaro haj safariga borish uchun tavsiya etildi. Ular tomonidan jami 14 ming 326 ijtimoiy koʻmakka muhtoj, kam taʼminlangan hamda boquvchisini yoʻqotganlar otaliqqa olindi. Bunday fuqarolarga jami 9,3 milliard soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. 

Har bir viloyatda nomzodlar uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ulamolari, imom-xatiblar ishtirokida haj ibodatini ado etish tartiblariga doir oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari bilan ziyoratchilarga oʻz vaqtida tegishli tibbiy maslahat berish hamda zarur muolajalarni amalga oshirish ishlari olib borildi. 

– Eʼtiborli jihati, bu yil har bir ziyoratchi uchun belgilangan xizmatlar narxi sezilarli darajada arzonlashtirildi, – deydi M.Komilov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan haj mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi boʻyicha ziyoratchilardan olinadigan mablagʻ 33 million 300 ming soʻm etib belgilandi. Bu oʻtgan yil bilan taqqoslaganda 5 million soʻmga kamdir. 

Ziyoratchilarga safar oldidan davlatimiz ramzlari aks ettirilgan maxsus kiyim va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videoqoʻllanma taqdim etildi. 

Yana bir muhim jihat – oʻzbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida birinchi marotaba “Masjid an-Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan besh yulduzli “Pulman zamzam” mehmonxonasiga joylashtirildi. Makka shahrida esa Haramdan uzoq boʻlmagan toʻrt yulduzli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qilishdi. 

Mehmonxonalarda zarur sharoitlar yaratish, tibbiy markaz va oshxonani tayyorlash, ziyoratchilarni kutib olish kabi tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida joriy yilning 15-iyul kuni ishchi guruhning dastlabki 10 aʼzosi Saudiya Arabistoniga yuborildi. 

Oʻzbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun davomida masjid va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi. Soʻngra Makka shahriga yoʻl oldi. 

Hojilarimiz Madina shahridagi Uhud togʻi, “Masjidul Qubo”, “Masjidul qiblatayn” kabi tarixiy, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi. Masʼul ishchi guruhi aʼzolari ularga har bir maskanning tarixi, uning islom dini tarixidagi ahamiyati haqida soʻzlab berdi. 

Muzaffar Komilov qoʻshimcha qilishicha, haj kunlari Saudiya Arabistoni Haj vazirligi mutasaddilari va Oʻzbekiston ishchi guruhi hamkorligida oʻzbekistonlik ziyoratchilarni muqaddas joylar – Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylariga koʻchirish tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi. Hojilarimizga ajratilgan maxsus joylarda ibodatni erkin amalga oshirish uchun barcha qulayliklar yaratildi. Jumladan, oziq-ovqat, issiq choy, yaxna sharbatlar taʼminoti va tibbiy markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 

Arofat vodiysida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan hojilarimizning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tabrigi oʻqib eshittirildi. 

Brifingda maʼlumot berilishicha, joriy yil Umra mavsumi 20-sentyabrdan boshlanadi. Ushbu ziyorat 1-oktyabrdan kunlik 2 ta aviareys asosida amalga oshiriladi.

 

Feruza MIRZAKOMILOVA, OʻzA

Поделиться