O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2019-2020 o’quv yilida “Zakovat” intellektual o‘yini umumta’lim maktablarida yangi formatda tashkil etiladi
2019-08-29 | Ta’lim
2019-2020 o’quv yilida umumta’lim maktablarida o’quvchi-yoshlarni ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularning intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi hamda “Zakovat” intellektual o’yini muallifi Abdurasul Abdullayev hamkorligida “Zakovat” intellektual o‘yini zamonaviy axborot-kommunikatsiya taraqqiyotini inobatga olgan holda yangi formatda masofaviy onlayn web-turnir tarzida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihani amaliyotga tatbiq etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrida (har bir hududda bittadan) jami 14 ta umumtaʼlim maktabi “Zakovat” klublari faoliyatini takomillashtirish hamda rivojlantirish uchun markazlashgan toʻgaraklarni tashkil qilish boʻyicha tayanch maktabi sifatida belgilandi. Joriy yilning 27-28-avgust kunlari tayanch maktablari masʼul xodim va oʻquvchilari ishtirokida “Zakovat” intellektual oʻyinini yangi formatda tashkil etish boʻyicha loyiha muhokamasi va oʻquv-seminari oʻtkazildi. Yangi format klublar faoliyatini rivojlantirish uchun maqbul yechim sifatida eʼtirof etildi.
Oʻquv-seminar doirasida “Zakovat” klublari faoliyatini takomillashtirish hamda rivojlantirish, markazlashgan toʻgaraklarni tashkil qilish boʻyicha tayanch maktablari jamoalari oʻrtasida ”Zakovat" intellektual oʻyinining Respublika turniri ham tashkil etildi.
Turnir natijalariga ko’ra:
1-o'rinni Samarqand viloyati, Tayloq tumani 20-sonli umumta'lim maktabi jamoasi;
2-o'rinni Sirdaryo viloyati, Guliston shahar Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati jamoasi;
3-o'rinni Qashqadaryo viloyati, Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtalim maktab-internati jamoasi qo’lga kiritdi.
G'olib jamoalar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan kompyuter jamlanmasi, televizor va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
“Zakovat” intellektual oʻyini yangi formatda masofadan turib markazlashgan holda maxsus sayt orqali onlayn rejimida oʻtkaziladi.
Loyiha 2020-yildan boshlab barcha umumta’lim maktablarida tatbiq etiladi. Tatbiqqa qadar bo’lgan muddatda “Zakovat” klublari faoliyatini takomillashtirish hamda rivojlantirish boʻyicha markazlashgan toʻgaraklarni tashkil qilish boʻyicha tayanch maktablarida loyiha sinovdan o’tkaziladi.