O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlari uchun uzluksiz malaka oshirish tizimi joriy etildi
2019-08-29 | Ta’lim
2019-yil 27-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida” gi PF-5789-sonli farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, o‘z tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralarning 2019-yil 1-sentabrdan rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Yangi tizimga ko‘ra, rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malaka oshirishi:
- mutaxassislik bo‘yicha mustaqil malaka oshirish;
- muqobil malaka oshirish;
- ta’lim dasturlari asosida ixtisoslashtirilgan qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarida bevosita o‘qish shakllarini o‘z ichiga oladi.
Farmonga muvofiq, 2019-yil 1-sentabrdan boshlab:
- rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ishdan ajragan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) o‘qish umumiy davomiyligi 144 soat etib belgilandi;
- rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida professor-o‘qituvchilarning sonidan kelib chiqib belgilanadigan, kamida 3 ta shtat birligidan iborat ta’lim texnologiyalari kafedralari tashkil etiladi;
- samarali dars berayotgan professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislarga bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha oylik ustamalar belgilash, soatbay ish haqi to‘lash shartlari bilan jalb etilgan malakali professor-o‘qituvchilarga soatbay haq to‘lash miqdorining 20 foizigacha ko‘paytirilgan holda moddiy rag‘batlantirish huquqi berildi;
- pensiya yoshidagi, uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar hamda nogironligi bo‘lgan rahbar va pedagog kadrlar uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qishi masofaviy shaklda tashkil etiladi;
- oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy va tarmoq markazlari tuzilmasiga xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutaxassis lavozimini kiritildi.