O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va vazirlik huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimlaridan iborat delegatsiya Minsk shahrida Belarus Respublikasi Huquqiy axborot milliy markaziga tashrif buyurdi
2019-08-29 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimlaridan iborat delegatsiya aʼzolari joriy yilning 28-avgust kuni Minsk shahrida Belarus Respublikasi Huquqiy axborot milliy markazi direktori v.v.b Nikolay Radivanovich bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Belarus Respublikasi Huquqiy axborot milliy markazining huquqiy tadqiqotlar sohasidagi faoliyati, texnik normativ hujjatlarni (standartlar va b.) huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish, huquqiy adabiyotlar nashr qilish faoliyati bilan tanishildi.
Oʻz navbatida Belarus tomoniga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazifalari, shuningdek, Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi, Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamda Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Belarus tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bilan xodimlarning malakasini oshirish, tizimli stajirovkalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida hamkorlik kelishuvi imzolashni taklif qildi, ushbu kelishuvni 2019-yil yakuniga qadar imzolashga kelishib olindi.
Tashrif davomida, shuningdek, Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar milliy markazi, Yuqori texnologiyalar parkida ham uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek Belarus Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar milliy markazi bilan hamkorlik kelishuvini imzolash rejalashtirilgan.