O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri xalqaro kompaniyalar vakillari bilan muloqotda bo‘ldi
2019-08-29 | Siyosat
O‘zbekistonda xalqaro kompaniyalar vakolatxonalarining ochilishi mamlakatimizga investitsiyalar oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 28-avgust kuni adliya vaziri R.Davletov «Agrotek GmbX» kompaniyasi prezidenti, Avstriyadagi Buxoro yahudiylari assotsiatsiyasi faxriy prezidenti B. Kandov, shuningdek, «SPECHT & PARTNER» xalqaro yuridik kompaniyasi rahbari L. Shpext va «TSifrovaya strana» ANT (RF) boshqaruv raisi V. Draganovlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida R. Davletov mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasida Harakatlar strategiyasi doirasida, jumladan, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Adliya vazirligi tizimida olib borilayotgan o‘zgarishlar xususida ma’lumot berdi.
Xususan, vazirlikning norma ijodkorligi faoliyati takomillashtirilayotgani, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyoti shakllantirilayotgani, inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishning ta’minlanishi haqida ma’lumot berildi.
Masalan, so‘nggi ikki yilda 4 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, fuqarolarning 23 mingdan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqilgan.
Fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi ham bosqichma-bosqich rivojlanayotgani aytildi. Hozirgi kunda davlat xizmatlari markazlari aholiga qariyb 150 ga yaqin turdagi xizmatlarni taqdim etib kelmoqda. Xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va O‘zbekiston Respublikasi hududida ularning manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilikdagi ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etildi.
Shu bilan birga, adliya vaziri advokatura institutini isloh qilish, xususan mamlakatimizdagi advokatlik va konsalting xizmatlari alohida ikki turli sohalarga bo‘linganini bildirdi. Shundan kelib chiqib, konsalting xizmatlarini advokatlik litsenziyasini olmasdan, tijoriy tashkiliy-huquqiy shaklda yuridik shaxs tashkil qilish yo‘li bilan ko‘rsatish mumkinligi haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar asnosida O‘zbekistonda, xususan, adliya sohasida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarish va islohotlarni ta’kidlashdi. Bu jarayonda qonunchilik bazasini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘z navbatida «SPECHT & PARTNER» yuridik kompaniyasi rahbari L. Shpext mazkur kompaniya faoliyati haqida so‘zlab berdi va Toshkent shahrida o‘z yuridik firmasi vakolatxonasini ta’sis etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishni so‘radi. Uning fikricha, mazkur firma vakolatxonasi ochilishi O‘zbekistonga investitsiyalar oqimini oshirishga xizmat qiladi.