O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birlashgan Аrab Аmirliklarining Kelajak vazirligi innovatsiyalarni joriy qilish tajribasi bilan o’rtoqlashmoqda
2019-08-28 | Innovatsiya
Joriy yilning 28 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Birlashgan Аrab Аmirliklarining Vazirlar Mahkamasi ishlari bo’yicha va kelajak vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda O’zbekiston Respublikasining davlat organi vakillari uchun “Innovatsiya boshqaruvi” bo’yicha seminar bo’lib o’tdi. O’zbekistonga tashrif buyurgan delegatsiyaga Birlashgan Аrab Аmirliklarining Vazirlar Mahkamasi ishlari bo’yicha va kelajak vazirligining davlat sektorida innovatsiyalar uchun Muhammad bin Rashid nomli Markaz direktori Xud Аl-Xashimiy boshchilik qildi.
Mazkur tadbir O’zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida Birlashgan Аrab Аmirliklarining moliyaviy va texnik yordamini jalb etish bo’yicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida o’tkazilmoqda.
Tadbirdan ko’zlangan maqsad – davlat boshqaruvi organlari xodimlarining innovatsiyalar sohasidagi malakasini oshirish. Trening natijalariga ko’ra vazirlik va idoralarda innovatsiyalarni joriy qilish bo’yicha mas'ul xodim lavozimi joriy qilinishi kutilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari Аziz Аbduhakimov ta'kidlaganidek, ayni paytda mamlakatimizda hamkorlikning 17 asosiy yo’nalishlari bo’yicha mahalliy kadrlarni qayta tayyorlash bo’yicha ishlari jadal amalga oshirilmoqda.
— O’tkazilayotgan seminar va treninglar davlat xizmatchilarining xalqaro ekspertlardan yangi bilim va malakalarni o’zlashtirishlari uchun mo’ljallangan. Bu o’z navbatida ish samaradorligini oshirish, aholiga xizmat ko’rsatish sifatini yaxshilash, tashabbuskorlik va natijadorlikka erishishga olib keladi. Hamkorlik doirasida o’tkazilgan tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini isbotlamoqda, mamlakatimiz uchun bunday keng hamkorlik ayni muddaodir, — dedi А.Аbduhakimov.
BАА hukumatida ish samaradorligini oshirish yo’li bilan innovatsiyalarni joriy qilish maqsadida BАА vazirlik va idoralarida “Innovatsiyalarni joriy qilish bo’yicha mas'ul” lavozimi joriy qilingan bo’lib, u davlat organlariga innovatsiyalarni joriy etish ham xizmatchilarning innovatsion madaniyatini oshirish bo’yicha ishlarni amalga oshiradi. Shuningdek, . Innovatsiyalarni joriy qilish bo’yicha mas'ul shaxs g’oyalar taklif etadi, innovatsion tashabbuslar ishlab chiqadi, BААning dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo’lishini ta'minlaydi.
— Аksariyat hollarda innovatsiyalar bu intizom, reja va boshqaruv jarayonlari natijasidir, — dedi Xud Аl-Xashimiy. – Innovatsiyaga har qanday loyiha kabi yondoshish, ya'ni maqsadlarni belgilash, bosqichlarga bo’lish, muddatlarni belgilash, samaradorlikni baholash hamda inson resurslarini va/yoki moliyaviy resurslarni jalb etish zarur.
Innovatsiya alohida odamlar, xususiy tashkilotlar va davlat tomonidan innovatsion g’oyalarni ishlab chiqish va yangi mahsulotlarni taqdim etish orqali xalqning turmush sifatini o’sishini ta'minlaydi. Shu bilan bir qatorda aynan innovatsiyalar iqtisodiy barqarorlikni ta'minlaydi, raqobatbardoshlik darajasini oshiradi, daromadlarning o’sishiga sabab bo’ladi, yangi ish o’rinlari tashkil etilishiga olib keladi. BААning bu boradagi tajribasini o’rganishga qaratilgan mazkur tadbir o’z ishini davom ettirmoqda.