O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“World Influencers Congress” ishtirokchilari Xiva, Buxoro va Samarqandga sayohat qilishdi
2019-08-28 | Turizm
23-27-avgust kunlari Oʻzbekistonda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan “World Influencers Congress” (WIC) Birinchi Xalqaro inflyuyenserlar kongressi boʻlib oʻtdi.
Ishtirokchilarning yoʻnalishi Toshkent shahridagi I Xalqaro inflyuyenserlar kongressi ochilishidan boshlandi. Rasmiy ochilish marosimida taniqli inflyuyenserlar, fikrlar yetakchilari, siyosiy doiralar va diplomatik korpuslar vakillari, shuningdek xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari qatnashishdi.
Xorijiy mamlakatlar blogerlarining Oʻzbekistonga tashrifining ikkinchi kuni qadimiy Xorazmdan boshlandi. Dunyoning 40 davlatidan kelgan 100 ga yaqin bloger tarixiy Xiva shahriga yoʻl oldi. Taʼkidlash joizki, bu Xorazm tarixida tarkibiga koʻra jahon blogosfera vakillarining eng yirik delegatsiyasidir va bu viloyat turizmini rivojlantirishda muhim rol oʻynashi shubhasiz.
WIC ishtirokchilari boʻlmish xorijiy blogerlar Xiva shahrida “Ichan Qalʼa”ga sayohat qilishdi hamda video va foto-materiallar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali boʻlishishdi, shu tariqa YouTube, Instagram va Facebook ijtimoiy platformalaridagi obunachilar eʼtiborini Oʻzbekistonga jalb qilishdi. Shunisi diqqatga sazovorki, Kongress ishtirokchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari umumiy soni 1-15 millionni tashkil qiladi.
Tashrifning uchinchi kuni, yaʼni 25-avgustda xorijiy blogerlar delegatsiyasi Buxoro viloyatida boʻldi. Buxoro xalqaro aeroportida ularni viloyat xokimi oʻrinbosari Botirjon Shahriyorov, Buxoro shahri hokimi Karim Kamolov, viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti hamda xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi rahbariyati kutib oldi.
“Ishonchim komilki, Kongress ishtirokchilarining viloyatimizga tashrifi nafaqat navqiron Buxoroning, balki Oʻzbekistonning ajoyib tarixiy-madaniy merosini ham keng targʻib qilinishi yoʻlida xizmat qiladi”, - dedi Buxoro shahri hokimi.
40 davlatdan tashrif buyurgan 100 ga yaqin inflyuyenserning umumiy auditoriyasi 1 milliardga yaqinni tashkil qiladi.
Kongress ishtirokchilari Buxoroning tarixiy maskanlari, shaharning tarixiy qismi durdonalari hisoblangan Poi Kalon ansambli, Sitorai Mohi Xosa, qadimiy masjid va minoralar, Toqi Zargaron bozorida boʻlishdi, soʻngra Buxoro oshxonasining turli-tuman taomlaridan tatib koʻrishdi. Ertasiga kongressmenlar Samarqand shahri tomon yoʻl olishdi.
26-avgust kuni Samarqandda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi hamda YUNESKO vakolatxonasi ishtirokida nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning eng ahamiyatli tadbirlaridan biri “Sharq taronalari” XII Xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu keng koʻlamli tadbirning rasmiy ochilish marosimida qatnashish uchun Oʻzbekiston Prezidenti Samarqandga tashrif buyurdi. Bu yerda davlat rahbari Birinchi Xalqaro inflyuyenserlar ishtirokchilari hamda mahalliy blogerlar bilan uchrashdi. Shavkat Mirziyoyev xorijiy mehmonlarni Oʻzbekistondagi yirik tadbirlardan biridagi ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirib, doim va har yerda adolat, ochiqlik va toʻgʻrisoʻzlikni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
“Eng asosiysi, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning dunyoga ochilayotganini hamda bor haqiqatni jahon hamjamiyatiga yetkazmoqchi ekanini oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Biz xalqimizga qulay boʻlishi tarafdorimiz va xalq manfaati yoʻlida xizmat qilamiz. Bu yerda oʻzimning qorakoʻzlarimni ham koʻryapman va bu menga g'urur va iftixor bag'ishlamoqda. Shuni yaxshi bilingki, biz sizlarni har doim va har yerda qoʻllab-quvvatlaymiz!” – dedi Prezident. Xalqaro inflyuyenserlar kongressi katta gala-konsert hamda “Sharq taronalari” xalqaro festivali bilan yakunlandi.
Shu oʻrinda Kongress ishtirokchilarining taassurotlari bilan boʻlishamiz:
Dot Zoye, trevel-bloger, suratkash (Singapur):
“Ajoyib yurtingizga kelganimizdan juda xursandmiz. Bu mening Oʻzbekistonga birinchi tashrifim. Taassurotlar juda zoʻr, barcha shaharlar koʻchalari ozoda, mazali milliy taomlar, sarxil mevalar, odamlarning samimiy va mehmondoʻstligi, jozibali meʼmorchilik – bularning bari shu oʻlka haqidagi taassurotlarimizda muhrlanib qoladi va biz oʻzimizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifamizda shular haqida soʻzlaymiz”.
Irina Sheyms, “Lionsgate” prodyuserlik kompaniyasining monetizatsiya va marketing boʻyicha direktori:
“Men shu mamlakatda tugʻilganman va 17 yil ilgari AQSHga koʻchib ketganman. Bu yerda keng koʻlamli oʻzgarishlar yuz bergani koʻrinib turibdi. 100 ga yaqin xalqaro darajadagi inflyuyenserlarning Oʻzbekistondagi tadbirlarda qatnashayotgani mamlakat uchun katta yutuqdir va uning dunyoga haqiqatda ochilayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekiston - serqirra mamlakat, ushbu xalqaro kongressdan keyin biz uchun unin yangi qirralari namoyon boʻlmoqda”.
Siana Eliz, trevel-bloger, suratkash (Avstraliya):
“Oʻzbekiston – ajoyib mamlakat, bu yerga birinchi marta kelishim, bir olam taassurotlar olmoqdamiz, odamlari samimiy, ayniqsa, Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchrashuvimiz bir umrga yodda qoladi. Ishonchim komilki, bu oldindan rejalashtirilmagan, chunki kutilmaganda roʻy berdi. Instagram ijtimoiy tarmogʻimdagi obunachilarim soni 1,5 millionni tashkil qiladi, ishonamanki, Oʻzbekistonga tashrifimdan keyin mening sahifam obunachilar soni va ularning ajoyib yurtingizga tashrif buyurish istagi bilan bogʻliq izohlaridan “portlaydi”.