O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida

2019-08-28 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining (keyingi oʻrinlarda – rahbar va pedagog kadrlar) kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari oʻquv jarayoniga oʻqitishning zamonaviy shakl va texnologiyalari, jumladan, masofaviy taʼlim, vebinar texnologiyalari, avtomatlashgan monitoring, elektron portfolio axborot tizimlari joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirishning amaldagi tartibi samarasi past boʻlganligi, koʻp resurs sarflashni talab etayotgani hamda zamonaviy talablarga javob bermayotganligi ushbu jarayonga innovatsion yondashuvlarni joriy etishni hamda kadrlarning kasbiy kompetentligini doimiy rivojlantirish mexanizmlarini qoʻllashni talab etmoqda.

Rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish tizimini yangi bosqichga koʻtarish, ularning kasbiy malakasini oshirishning zamonaviy shakllarini hamda ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat natijalarini inobatga oladigan tabaqalashtirilgan va muqobil uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga keng joriy etish maqsadida:

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi,
oʻz tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan boshqa vazirlik va idoralarning 2019-yil 1-sentyabrdan rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

 

2. Quyidagilar rahbar va pedagog kadrlar uzluksiz malakasini oshirish tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy bilimi, koʻnikmalari va mahoratini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq oliy taʼlim sifatini taʼminlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarlikni oshirish;

malaka oshirishning bevosita va kasbiy faoliyatga aloqador bilvosita shakllarini variativ va bir-birini toʻldirish tamoyillari asosida amaliyotga joriy etishni taʼminlash va monitoring olib borish;

rahbar va pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga yoʻnaltirilgan uzluksiz malaka oshirishning shakllarini mustaqil tanlash va oʻzlashtirish imkoniyatini yaratish;

rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini muntazam oshirish asosida ularning ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot hamda oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha innovatsiyalar, shuningdek, oʻquv jarayonini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohalaridagi koʻnikmalarini rivojlantirish;

yuqori samarali zamonaviy taʼlim va innovatsion texnologiyalar, ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etgan holda rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini doimiy yangilab borish, ularning faoliyatini zarur darajada tashkil etish va samaradorligini taʼminlash;

rahbar va pedagog kadrlarda Internet jahon axborot tarmogʻi, multimedia tizimlari va masofadan oʻqitish usullaridan foydalangan holda ilgʻor pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash va ularni oʻquv jarayoniga faol tatbiq etish koʻnikmalarini rivojlantirish;

rahbar va pedagog kadrlarning chet tilini amaliy oʻzlashtirish darajasini oshirish, oʻz kasbiy mahoratini, pedagogik va ilmiy faoliyati samaradorligini muttasil oshirib borish imkoniyatlarini yaratish.

3. Belgilab qoʻyilsinki, rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malaka oshirishi:

mutaxassislik boʻyicha mustaqil malaka oshirish;

muqobil malaka oshirish;

taʼlim dasturlari asosida ixtisoslashtirilgan qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarida bevosita oʻqish shakllarini oʻz ichiga oladi.

Bunda rahbar va pedagog kadrlarga ularning kasbiy, oʻquv-metodik va ilmiy-pedagogik faoliyati natijalaridan kelib chiqib, muqobil malaka oshirish yoki taʼlim dasturlari asosida oʻqish shakllarini tanlash imkoniyati beriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab:

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ishdan ajragan holda toʻgʻridan-toʻgʻri (bevosita) oʻqish umumiy davomiyligini 144 soat etib belgilash;

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlaridaprofessor-oʻqituvchilarning sonidan kelib chiqib belgilanadigan, kamida 3 ta shtat birligidan iborat taʼlim texnologiyalari kafedralarini tashkil etish;

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida samarali dars berayotgan professor-oʻqituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislar faoliyati tahlilidan kelib chiqib, ularga bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha oylik ustamalar belgilash, shuningdek, mashgʻulotlar oʻtkazish uchun soatbay ish haqi toʻlash shartlari bilan jalb etilgan malakali professor-oʻqituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislarni soatbay haq toʻlash miqdorining 20 foizigacha koʻpaytirilgan holda moddiy ragʻbatlantirish;

pensiya yoshidagi, uch yoshga toʻlmagan farzandi bor ayollar hamda nogironligi boʻlgan rahbar va pedagog kadrlarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqishini masofaviy shaklda tashkil etish;

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlariningqoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatish asosida ishlab topgan byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ushbu markazlar xodimlari lavozim maoshlariga yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra 200 foizgacha ustama haq toʻlash;

oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy va tarmoq markazlari tuzilmasiga xalqaro hamkorlik boʻyicha mutaxassis lavozimini kiritish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdori va shartlarini mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmonning amalga oshirilishi uchun zarur mablagʻlarni 2019-yilda ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan mablagʻlar doirasida ajratsin, 2020-yildan boshlab esa Davlat byudjetining parametrlarida zarur moliyalashtirishni har yili nazarda tutsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etish tartibini nazarda tutuvchi qaror qabul qilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2015-yil 12-iyundagi PF–4732-son Farmoniga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 27-avgust

Поделиться