O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Belarus Respublikasi Adliya vazirliklari hamkorlikni kuchaytiradi
2019-08-27 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va vazirlik huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimlaridan iborat delegatsiya joriy yilning 26 avgust kuni Minsk shahrida Belarus Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Zadiran bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston hamda Belarus o‘rtasida so‘nggi yillarda hamkorlik rivojlanib borayotgan sharoitda adliya organlari va muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, ikki mamlakat adliya organlari faoliyatining o‘xshash yo‘nalishlarida birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish, huquqiy tadqiqotlar borasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi delegatsiyasi a’zolarini Belarus Respublikasi adliya vazirligida ushbu mamlakatning qonun ijodkorligi sohasidagi tajribasi, xususan, normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy ekspertizasida, idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda informatsion texnologiyalardan foydalanish mexanizmi bilan yaqindan tanishtirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida Belarus tomoniga samimiy qabul, ma’lumot olish va tajriba almashish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri nomidan Belarus Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga taklif qilindi.
Tashrif davomida, Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar milliy markazi, Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasi, Huquqiy axborot milliy markazida ham uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar milliy markazi bilan hamkorlik kelishuvi imzolash rejalashtirilgan.
Adliya vazirligi delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi 30 avgust kuniga qadar davom etadi.