O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro arxeologiya turizm forumi
2019-08-27 | Turizm
Termizda “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ xalqaro arxeologiya turizm forumi boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar“ madaniy meros haftaligi doirasida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizdan, shuningdek, 80 ga yaqin davlatdan 140 ga yaqin xalqaro ekspert, sanʼatshunos olim, Markaziy Osiyo tarixiy-madaniy merosi tadqiqotchilari, restavratorlar, madaniyat, turizm va taʼlim sohasi vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilishida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati raisi F.Abduxoliqov, Fransuz milliy ilmiy tadqiqotlar markazi professori P.Lerish, AQSHning Xofstra universiteti Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo dasturi direktori, professor A.Naymark, OʻzFA Sanʼatshunoslik instituti direktori Sh.Pidayev va boshqalar buyuk sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston zamini madaniyat va dinlar rivojida muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda qadimiy yodgorliklarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hududning yangi-yangi qirralarini kashf etayotgani bilan dunyo ahlini hayratga solmoqda. Bugungi Surxondaryo viloyati hududi qadimdan dunyo tamadduni beshiklaridan biri sifatida tanilgan. Davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, hunarmandchilik, meʼmorlik, dehqonchilik kabi sohalar rivojlangan. Xorijlik va mahalliy qadimshunoslarda katta qiziqish uygʻotib kelgan vohada turli asrlarga oid 440 dan ziyod arxeologik yodgorlik saqlanib qolgan. Ularda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari hududning oʻtmishdagi rivojlanish bosqichlarini chuqur oʻrganish, uning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrnini tahlil qilishda muhim omil boʻlmoqda.
Forumning dastlabki kunida Termiz shahridagi Sanʼat saroyida oʻtgan xalqaro konferensiya yalpi majlisida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati ilmiy kengashi raisi, akademik E.Rtveladzening “Oks Iskandariyasi – Kampirtepa: Oks boʻyidagi shahar-qalʼa“ mavzuidagi videomurojaati eshittirilib, fan olamidagi bu yangilik aks etgan 3D-rolik taqdimoti oʻtkazildi. “Kushon merosi“ videoroligi namoyish etildi.
Anjuman shuʼba majlislarida mamlakatimiz va dunyoning turli davlatlaridan kelgan olimlarning “Qadimgi davr bilan muloqot madaniy taraqqiyot omili sifatida“, “Ellinizm davri: Gʻarb va Sharqning Markaziy Osiyo yuragida uchrashishi“, “Kushon saltanati: antik sivilizatsiyaning buyukligi“ mavzularidagi maʼruzalari tinglandi. Oʻzbekistonning dunyo sivilizatsiyasida tutgan oʻrni, ilm-fan, madaniyat va sanʼat rivojiga qoʻshgan hissasi tahlil qilindi.
– Avvalo, mana shunday yirik anjumanni tashkil etib, dunyo olimlarini taklif qilgani uchun minnatdorlik bildiramiz, – deydi Fransiyaning Afgʻonistondagi arxeologik delegatsiyasi (DAFA) rahbari, doktor Xulio Bendezu-Sarmento. – Surxondaryodagi Jarqoʻton arxeologik yodgorligida koʻp yillar qazish ishlari olib borganmiz. Shu bois vohaning boy tarixga ega oʻtmishini yaxshi bilamiz. Mazkur anjuman doirasida oʻtkazilgan shuʼba yigʻilishlarida ilmiy-tadqiqot ishlari chogʻida aniqlangan koʻplab masalalarni muhokama qildik. Bu kelgusida ilm-fan rivojida muhim oʻrin tutadi.
Xalqaro forumning ikkinchi kuni ishtirokchilar Muzrabot tumanidagi “Kampirtepa“ shahar-qalʼasida boʻlib, ellinistik madaniyatning Markaziy Osiyodagi noyob yodgorligini tomosha qildi. Akademik E.Rtveladze rahbarligida koʻp yillar davomida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari samarasi boʻlgan qadimgi Oks-Aleksandriyasi haqida yetarli tasavvurga ega boʻlishdi.
Bu yerda tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik qadimshunoslar oʻtgan yillarda amalga oshirgan qazish ishlari bilan bogʻliq xotiralarni esga oldi. Oks-Aleksandriyasining oʻz davridagi oʻrni va ahamiyati haqida fikr almashildi. Mintaqadagi yagona – Termiz arxeologiya muzeyi va Termiz tumanidagi milodiy I-III asrlarga oid “Fayoztepa“ buddaviylik yodgorligini tomosha qildi.
Forumning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov soʻzga chiqdi.
X.MAMATRAYIMOV, J.QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA