Termizda joriy yilning 24-25 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ nomli xalqaro arxeologik forumga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
Poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan “O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat“ meros haftaligi doirasida qadimiy vohada o‘tkaziladigan tadbirda ko‘plab davlatlardan olimlar, arxeologlar, soha mutaxassislari va boshqa mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Surxondaryo viloyati qadimdan dunyo tamadduni beshiklaridan biri sifatida tanilgan. Davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, hunarmandchilik, me’morlik, dehqonchilik kabi sohalar rivojlangan. Vohada turli asrlarga oid uch yuzga yaqin arxeologik yodgorlik mavjud bo‘lib, ularda xorijlik va mahalliy qadimshunoslar hamkorligida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari hududning o‘tmishdagi yangi-yangi qirralarini kashf etayotir.
Ikki kun davomida mahalliy va xorijlik ishtirokchilar sohada qo‘lga kiritilgan ana shunday yangiliklarga guvoh bo‘ladi. Termiz tumanidagi Fayoztepa, Muzrabot tumanidagi Kampirtepa arxeologik yodgorliklarida noyob kashfiyotlar bilan yaqindan tanishadi. Uzoq yillardan buyon ilm-fan ahlining Oks Aleksandriyasi joylashgan hudud haqidagi bahs-munozaralari bilan bog‘liq masalaga oydinlik kiritiladi. Mintaqamizda yagona – Termiz arxeologiya muzeyidagi turli davrlarga mansub eksponatlarni tomosha qiladi. San’at saroyida o‘tkaziladigan xalqaro arxeologik konferensiya ham taassurotlarga boy bo‘lishi kutilmoqda.
Surxondaryoda anjumanga puxta hozirlik ko‘rildi. Forumning asosiy tadbiri bo‘lib o‘tadigan muhtasham san’at saroyida barcha sharoit yaratilib, texnik jihozlandi. Ko‘cha va xiyobonlar obodonlashtirilib, xalqaro anjuman aks ettirilgan panno va bannerlar bilan bezatildi.
– Forum qatnashchilarini bayramona kutib olish va munosib xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Xo‘jaqulov. – Shu maqsadda anjuman ishtirokchilari uchun eng zamonaviy mehmonxonalarda barcha qulaylik yaratildi. Ularga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Ushbu tadbir nafaqat viloyatning sayyohlik salohiyatini oshirishga, balki yosh avlodning milliy tariximiz va madaniyatimizga qiziqishini mustahkamlashga, yoshlarning milliy g‘urur tuyg‘usini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA