O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida mamlakatimiz va Rossiya valyuta birjalari faoliyatining mohiyati va o‘ziga xosligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Moskovskaya birja“ AJning pul va shoshilinch bozorlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Igor Marich boshchiligidagi delegatsiya, “O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi” AJ rahbariyati ishtirok etdi.
“O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi” AJ bosh direktori Rashid Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda birjaning xorijdagi yetakchi moliya tashkilotlari va institutlari bilan hamkorligi jadal rivojlanmoqda. “Moskovskaya birja“ AJ bilan hamkorlik mamlakatimiz moliya bozorini rivojlantirish, sohada qo‘llanilayotgan texnologiyalarni takomillashtirish va yurtimiz valyuta birjasining jozibadorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
“Moskovskaya birja“ AJ Rossiyaning yirik birja xoldingi hisoblanadi. Jamiyat 1992 yilda tashkil etilgan Moskva banklararo valyuta birjasi va 1995 yilda asos solingan Rossiya savdo tizimining birlashishi natijasida 2011 yilda tashkil etilgan. Moskva birjasi aksiyalar obligatsiyalar, yasama instrumentlar, valyuta, pul bozoridagi mablag‘lar, qimmatli metall va don savdosi tashkilotchisi sanaladi. Uning tarkibiga Markaziy depozitoriy (“Milliy hisoblash depozitoriysi”) va “Milliy kliring markazi” kiradi.
Igor Marich ko‘plab xorijiy muassasalar va tashkilotlar O‘zbekistonga katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
Seminar doirasida “O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi“ AJ va “Moskovskaya birja” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekiston va Rossiya sarmoyadorlarining har ikki mamlakat valyuta bozoridan foydalanishini yengillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Hujjatdan ko‘zlangan maqsad birja bozorlarini rivojlantirish istiqbollari haqida ma’lumot almashish, savdo tizimlari, kliring, depozitoriy va hisoblash tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tizimini takomillashtirish, birja savdosi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi amaliyotlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdir.
Ushbu hamkorlik doirasida ikki mamlakat valyuta birjalarining hozirgi trendlarini muhokama qilish maqsadida davlatlararo ixtisoslashtirilgan tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirishmoqda.
Roman BONDARChUK, O‘zA