O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyasida yangiliklar kutilmoqda

2019-08-22 | Jamiyat

Hozir O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan 700 mingdan ortiq shaxs, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha bola hayot kechirmoqda. Qonun hujjatlarida ularning huquqlari va manfaatlari qay darajada himoyalangan?

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida nogironlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nogironlikni belgilashda qator qiyinchiliklar va sun’iy to‘siqlar yuzaga kelayotgani keskin tanqid qilingan edi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning anatomik va fiziologik nuqsonlari aniq ko‘rinib turgan bo‘lishiga qaramay, normativ-huquqiy hujjatlardagi tafovutlar hamda tashkiliy ishlardagi xatoliklar tufayli ular qator tibbiy ko‘riklardan qayta-qayta o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Ulardan tegishli qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlar – Mehnat daftarchasidan ko‘chirma, fuqarolar yig‘inidan ma’lumotnoma, nikoh guvohnomasi asossiz talab etilayotgani ham yana bir og‘riqli masalaga aylangan.
 
Shundoq ham ko‘ngli yarim insonlarni sarson qilish nima uchun kerak? Yillar davomida amalda bo‘lgan talab va me’yorlarni zamonga mos tarzda takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar nega shu paytgacha ko‘rilmayapti? Ahvol qachon o‘nglanadi? “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muammolarga yechim bo‘la oladimi?
 
Aytish joiz, mazkur qonun loyihasi 2017 yil 1 dekabrda Prezidentimizning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” doirasida tegishli vazirliklar vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida ishlab chiqildi.
 
Xo‘sh, unda qanday yangiliklar ko‘zda tutilmoqda?
 
– Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining tahlili ko‘rsatadiki, qonun ijodkorligi faoliyatida ikki yo‘nalish – nogironlikning “ijtimoiy modeli” va “tibbiy modeli” tamoyillari mavjud, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jaeva. – “Ijtimoiy model” nogironlikka nisbatan ijtimoiy yondashuvni mustahkamlab beradi. Unga ko‘ra, inson sog‘lig‘i buzilishi sababli emas, balki u to‘qnash keladigan baxtsiz hodisalar tufayli nogironlikni orttirib oladi. “Tibbiy model” esa nogironlikni kasallik va mehnatga layoqatsizlik sifatida baholaydi. Mamlakatimiz qonun hujjatlarida nogironlikning aynan tibbiy tushunchasi ustunlik qilmoqda. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat hayotida faol ishtirok etishga imkon bermayapti. “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy xizmatlarga, ijtimoiy yordamga bo‘lgan huquqlarini, foydalana olish mumkin bo‘lgan jismoniy muhit kabi jihatlarni kafolatlaydi. Biroq mazkur qonunning qoidalari deklarativ tusga ega.
 
Deputatning fikricha, “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, “nogiron” tushunchasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni aholining ijtimoiy yordam va himoyaga maxsus huquqlari bo‘lgan alohida toifasi qatoriga kiritadi. Ana shunday tarzda, xususan, tibbiy modelga asoslangan kamsituvchi munosabat shakllanadi. Mazkur holat ularning potensialini namoyon qilishga va insonning asosiy huquqlariga rioya etilishini, imkoniyatlarning tengligini ta’minlash hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida to‘liq ishtirok etishini kafolatlashga imkon bermaydi.
 
Qonun asosan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy huquqlarini tartibga soladi, ammo huquqlari jami spektrini qamrab olmaydi. Shu munosabat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarining barcha jabhalarini qamrab oladigan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish zarurati yuzaga keldi.
 
Qonun loyihasi BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini implementatsiya qilishni va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.
 
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bir qator vazifalarni hal etishga xizmat qiladi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit – binolar, transport, axborot va aloqalardan foydalanish, shuningdek, ular uchun ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy muhit, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlarining istalgan turidan bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Ularni kamsitishning har qanday shakliga barham beriladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish va ishga joylashish imkoniyatini ta’minlash, ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etishi, dam olish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, nogironlikni belgilashni takomillashtirishga xizmat qiladi.
 

Xurshid QODIROV,O‘zA

Поделиться