O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri “Markaziy Osiyo-AQSh” shaklidagi uchrashuvda ishtirok etdi
2019-08-22 | Siyosat
2019-yilning 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo-AQSh” shaklining (“C5+1”) navbatdagi yuqori darajali uchrashuvida ishtirok etdi.
O‘zbekiston TIV rahbari Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Beybut Atamkulov, Chingiz Aydarbekov, Sirojidin Muxriddin, Rashid Meredov va AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Devid Heyl bilan birgalikda turli sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlik holati va rivojlanish istiqbollari, jumladan, iqtisodiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy xavfsizlik muammolarini hal qilish, Markaziy Osiyoda va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va farovonlikka ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining nutqida 2015-yil noyabr oyida Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi chog‘ida ish boshlagan “C5+1” shakli o‘zini ishonchli va samarali maslahat mexanizmi sifatida namoyish etgani ta’kidlandi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mintaqada mutlaqo yangi ishonch muhiti yaratildi, o‘tmishda yaqinlashishga to‘sqinlik qilgan ko‘plab muammolarni hal qilishda katta yutuqlarga erishildi, savdo, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalar, chegaralar va mintaqalararo hamkorlik va boshqa sohalar faollashmoqda va kengaymoqda.
Vazir qayd etganidek, Markaziy Osiyoda mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, uni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlarni shakllantirish jarayoni davom etmoqda. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari aloqalarida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro qo‘llash va hamkorlikning yangi sahifasi ochildi.
Mintaqa mamlakatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining nutqlarida “C5+1” hamkorlik platformasi umumiy masalalarni birgalikda muhokama qilish va hal qilish forumi sifatida qo‘llab-quvvatlash tasdiqlandi.
Shu kunning o‘zida “C5+1” uchrashuvi ishtirokchi delegatsiyalari rahbarlari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan qabul qilindi.